Vivo o'zining X Fold 2 va X Flip buklamafonlarini rasman taqdim qildi

Vivo o'zining X Fold 2 va X Flip buklamafonlarini rasman taqdim qildi

Buklanadigan smartfonlar bozoridagi eng so'nggi "o'yinchilar" – Vivo kompaniyasidan X Fold 2 va X Flip buklamafonlari rasman Xitoyda taqdim qilindi. Bu yerda X Fold 2 kitob shaklidagi buklanadigan model bo'lib, u o'z avlodining ikkinchisi bo'lsa, X Flip kompaniyaning vertikal tarzda buklanadigan ilk smartfoni hisoblanadi.

Vivo X Fold 2

Vivo X Fold 2 modelidan boshlaydigan bo'lsak, u 8.03 dyuymli 120 gerts yangilanish tezligiga ega 2K+ (2160×1916) rezolyutsiyadagi Samsung E6 AMOLED ichki displeyi bilan jihozlangan va u 1800 nit maksimal yorqinllikka erisha oladi. Uning oshiq-moshiq tizimi "tomchi" deb nomlanadigan yangicha stilda yaratilgan bo'lib, u o'tgan yilgi X Fold va X Fold+ modellariga qaraganda ancha yengil va chidamliroq hisoblanadi. Kompaniya u 400 ming martadan ortiq buklanishdan keyin ham yaxshi ishlashda davom etishini ta'kidlaydi.

Buklamafon tashqi ekrani esa 6.53 dyumli 120 gerts yangilanish tezligiga ega 2520×1080 piksel rezolyutsiyasidagi AMOLED displey bo'lib, u va ichki displey ham ultrasonik barmoq izini aniqlash sensorlari va 16 megapikselli selfi kamera bilan jihozlangan.

Ta'kidlash joizki, X Fold 2 o'zining avvalgilaridan buklangan holatida 2 millimetrga ingichka va 33 grammga yengil.

Vivo X Fold 2 orqa tomonida uchlik kamera tizimga ega: 50 MP asosiy (IMX866V, OIS bilan), 12 MP ultra-keng va 20× gacha raqamli zum qilish imkonini beradigan yana bitta 12 MP sensor. Ushbu kameralar Vivo o'zi ishlab chiqargan V2 chipi, hamda, Zeiss bilan birga ishlaydi va ular bilan 8K formatida 30 kadr/sekund tezlikdagi videolar olish mumkin.

Buklamafon Snapdragon 8 Gen 2 chipsetiga bog'langan LPDDR5X operativ va UFS 4.0 doimiy xotirada Android 13 ga asoslangan Origin OS 3 operatsion tizimida ishlaydi. Uning 4800 mA/soat batareyasini 120 Vt simli yoki 50 Vt simsiz zaryadlash mumkin.

Vivo X Flip

Vivo X Flip modeliga keladigan bo'lsak, u 6.74 dyuymli FHD+ rezolyustiyadagi 120 gerts yangilanish tezligiga ega LTPO AMOLED displeyga ega. U ham tomchi stilidagi oshiq-moshiq bilan chiqarilgan bo'lib, bunda u 500 ming martagacha buklanishlarga chidamliligi uchun TÜV Rheinland sertifikatini olgan. Ekran yuqori markazida 32 megapikselli selfi kamera, qurilma yon tomonida esa barmoq izini aniqlash skaneri joylashgan.

X Flip orqa tomonidagi kameralar ostida gorizontal joylashgan 3 dyuymli qo'shimcha AMOLED ekranga ega va u bilan siz xarita navigatsiyasidan tortib ijtimoiy tarmoqlargacha foydalanishingiz mumkin. Kameralar haqida gap ketganda shuni aytish kerakki, ular ikkita va ularning ikkovi ham X Fold 2 kamera sensorlari bilan bir xil: asosiysi 50 MP va ultra-kenggi 12 MP.

Qurilma Snapdragon 8+ Gen 1 chipsetida Android 13 ga asoslangan Origin OS 3 operatsion tizimida ishlaydi. Uning 4400 mA/soat batareyasini 44 Vt tezlikda zaryadlash mumkin.

Ikkala buklamafonlarning ham xotira konfiguratsiyalari va narxlari quyidagicha:

Vivo X Fold 2

  • 12/256 GB – 8999 yuan (≈1305 dollar)
  • 12/512 GB – 9999 yuan (≈1450 dollar)

Vivo X Flip

  • 12/256 GB – 5999 yuan (≈870 dollar)
  • 12/512 GB – 6699 yuan (≈972 dollar)

Afsuski, buklamafonlarning global bozorga chiqarilishi haqida ma'lumotlar yo'q.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!