2019 yili eng ko‘p pul topgan YouTube-blogerlar: kuchli uchlikda ikkita bolakay!

  •   DiMaX
  •  3829
  •  21.12.2019 08:26

2019 yili eng ko‘p pul topgan YouTube-blogerlar: kuchli uchlikda ikkita bolakay!

Forbes nashri 2019 yil yakunlariga ko‘ra eng ko‘p daromad olgan YouTube kanallarini e’lon qildi. Qizig‘i shundaki, undagi kuchli uchlikdagi ikki nafar vloger – 8 va 5 yoshli bolalardir!

O‘QING: YouTube’ning 2018 yilda eng ko‘p pul topgan liderlari

Ketma-ket ikkinchi yildirki, Rayan Kaji (Ryan Kaji) eng serdaromad YouTube-bloger bo‘lib kelayotir. Joriy yilda 8 yoshli bu bolakay Ryan World kanali orqali jami 26 million dollar pul ishlab oldi. Bu uning bulturgi daromadidan 4 million dollarga oshiqdir. U o‘z kanalidagi chiqishlarida shunchaki yangi o‘yinchoqlarni qadog‘idan ochib, o‘ynab ko‘rsatadi va ular haqida fikrlarini aytadi, shuningdek, bolalar uchun o‘rgatuvchi videolavhalar ham e’lon qilib boradi.

2019 yilda eng ko‘p pul topgan YouTube-blogerlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni Dude Perfect kanali egallagan. Besh kishidan iborat bu jamoa joriy yilda kanaldan 20 million dollar daromad ko‘rgan.

Kuchli uchlikni 5 yashar Anastasiya Radzinskaya degan qizcha yakunlab beradi. Asli krasnodarlik bo‘lgan Nastya bolalar serebral falaji bilan tug‘ilgan – shifokorlar uning umuman gapira olishidan umid ham qilmaganlar. Biroq uning ota-onasi YouTube-kanal ochib, qizining qanday yutuqlarga erishayotganini aks ettiruvchi lavhalar joylay boshlashdi.

Anastasiyaning salomatligi yaxshilanib borayotir – kasallik alomatlari yo‘qolgan; ularning oilasi esa hozirda Floridaga ko‘chib o‘tgan. Biroq ularning o‘zlari ham qizchaning YouTube yulduziga aylanishini kutishmagan. 2019 yilda uning kanali 18 million dollar daromad keltirgan, eng ommabop videosi esa salkam bir milliard marta tomosha qilingan!

O‘QING: 2019 yili YouTube’da eng ommalashgan videolarning uchta reytingi bilan tanishamiz

Mana, yakuniga yetayotgan yilning eng serdaromad YouTube-blogerlari o‘ntaligi va ularning shu yilda topgan pullari quyidagicha:

  1. Rayan Kadzi — $26 mln;
  2. Dude Perfect — $20 mln;
  3. Anastasiya Radzinskaya — $18 mln;
  4. Rhett and Link — $17,5 mln;
  5. Jeffree Star — $17 mln;
  6. Preston (Preston Arsement) — $14 mln;
  7. PewDiePie (Feliks Kelberg) — $13 mln;
  8. Markipler (Mark Fishbax) — $13 mln;
  9. DanTDM (Daniel Middlton) — $12 mln;
  10. VanossGaming (Evan Fong) — $11,5 mln.

Qizig‘i shundaki, dunyodagi eng mashhur vloger – Feliks Chelberg (Felix Arvid Ulf Kjellberg) yaqinda 2020 yili YouTube’ni tark etishini aytgandi. 2019 yili esa u o‘zining PewDiePie kanali orqali 13 million dollar daromad olib, yettinchi o‘rinda turibdi.

Darvoqe, YouTube’dagi eng ko‘p «dislayk» olgan videolar TOP-o‘ntaligi, 2019 yili unda eng ommalashgan videolarning uchta reytingi, bittagina smartfonda olgan videolari bilan atigi bir oyda 1,6 million obunachi to‘plagan qiz haqidagi maqolalarimiz ham sizga ma’qul kelsa kerak.

O‘QING: Eng mashhur blogerlarning orqasida kim turibdi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!