AnTuTu’ning yangi rekordchisi – Xiaomi Mi 9 taqdim etildi: 445 dollarlik texnologik mo‘’jiza!

  •   DiMaX
  •  3604
  •  20.02.2019 15:34

AnTuTu’ning yangi rekordchisi – Xiaomi Mi 9 taqdim etildi: 445 dollarlik texnologik mo‘’jiza!

Kutilayotganidek, Xiaomi kompaniyasi bugun Mi 9 rusumli flagman smartfonini rasman namoyish etdi. Shu paytgacha insayderlar ma’lum qilgan xususiyatlaridan tashqari ham u yana ko‘plab ilg‘or jihatlarga ega ekan!

O‘QING: Xiaomi ilk simsiz portativ akkumulyatorni chiqaryapti. Shu funksiyani Mi 9’ning o‘zi ham bajaradi!

Yangi flagmanni Xiaomi bosh direktori Ley Szun (Lei Jun) shaxsan o‘zi namoyish qildi. Mazkur qurilmaga Samsung tomonidan ishlab chiqilgan, diagonaliga 6,39 dyuymlik AMOLED-displey o‘rnatilgan. Tasvir sifati Full HD+ formatida bo‘lgan ekran 3,6 millimetrlik hoshiyalar bilan o‘ralgan bo‘lib, korpus old yuzasining 90,7 foizini egallaydi.

Tomchisimon «kemtik»li ekranga beshinchi avlod optik barmoq izi skaneri o‘rnatilgan, uning ishlash tezligi avvalgilariga nisbatan 25 foizga yuqori. Displey himoyasini Gorilla Glass 6 himoya shishasi ta’minlaydi.

Xiaomi taqdimotda ushbu qurilmasining yengilligiga ham e’tibor qaratgan – u 173 gramm tosh bosadi. Masalan, aynan shunday o‘lchamli iPhone XS Max undan 35 grammga og‘irroq.

Mi 9 modelining shisha korpusiga alohida texnologiya bo‘yicha rang berilgan. Metall yaltiroqligini va turli ranglarga to‘yinganlik effektini berish uchun Xiaomi ikkita rang qatlamini lazerli golografik jarayon bilan qayta ishlagan. Shuning evaziga turli yoritilgan sharoitlarda va har xil burchak ostida qaraganda, smartfon korpusi o‘zgacha tuslarda jilolanadi.

Korpusning orqa panelida bosh kamera blogi e’tiborni tortadi. Uning hoshiyasi zanglamas po‘latdan yasalgan, ustiga esa tirnalishlardan himoyalovchi, 243 millimetr kvadratlik sapfir shishasi qoplangan. Marosimda ta’kidlanishicha, bunday yechimning qo‘llanishi kamera blogining tannarxini 37 foizga oshirgan.

Xiaomi Mi 9 uchun, tabiiyki, Qualcomm’ning eng ilg‘or Snapdragon 855 protsessori tanlangan. AnTuTu benchmarkida ushbu devays naq 387 851 ball olib, hozirgacha taqdim etilgan Android-smartfonlar orasida mutlaq g‘olib bo‘lib turibdi!

Smartfonning tezkor xotirasi uchun LPDDR4X chiplari, doimiy xotirasi sifatida bo‘lsa UFS 2.1 modullari qo‘llangan.

Xiaomi ta’kidlashicha, Mi 9 flagmani o‘yinlarga Kirin 980 platformasidagi raqibiga nisbatan yaxshiroq moslangan. Buning uchun qo‘llanuvchi Game Turbo texnologiyasi o‘yin davomida Adreno 640 grafik chipining samaradorligini 20 foizga oshiradi. Bundan tashqari, «sun’iy ong» ham ilovalarning ishlashini shunaqa kuchaytirib beradi.

Mi 9 bosh kamerasining asosiy datchigi – 48 megapiksellik Sony IMX586 sensoridir. Uning ob’yektivi oltita unsurdan tashkil topgan, ko‘rish burchagi 79 darajaga, maksimal diafragmasi esa F/1,75’ga teng. Qolgan ikkita moduldan biri 16 megapiksellik (keng burchakli ob’yektivga ega) bo‘lsa, ikkinchisi 12 megapiksellik (ikki karra optik zumni ta’minlovchi teleob’yektiv qo‘llangan).

Namoyish tadbirida ta’kidlanishicha, Xiaomi Mi 9 bosh kamerasida gibrid fazali va kontrast avtofokus qo‘llanadi, yana lazerli yordamchi hisobiga yorug‘liksiz ham fokuslash muammo bo‘lmaydi.

Aytish kerakki, Mi 9 flagmani DxOMark reytingiga ko‘ra eng zo‘r Xiaomi kamerofoni bo‘ldi. Umumiy reytingda esa u 107 ball bilan Galaxy Note 9 va iPhone XS Max’dan o‘zib ketdi, faqat Huawei P20 Pro va Mate 20 Pro undan oldinda.

Mi 9 old kamerasi displeydagi kichkina «o‘yiq»qa joylangan 24 megapiksellik yakka datchikni o‘z ichiga oladi.

Xiaomi yangi flagmanini simsiz quvvatlash texnologiyasi bilan ta’minlagan va bunda ham ancha afzallikka erishgan – uning quvvati 20 vattga yetadi. Simli quvvatlash esa 27 vattlik texnologiya bo‘yicha amalga oshiriladi va smartfon jamlanmasiga aynan shunday quvvatlash uskunasi kiritilgan. Uning yordamida akkumulyatorning to‘liq quvvat olishi 60 daqiqada amalga oshadi. Darvoqe, Mi 9 batareyasi 3300 mA/soatlik tok sig‘imiga ega.

Flagmanga Android 9.0 Pie bazasidagi MIUI 10 grafik qobig‘i o‘rnatilgan. U ikkita SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi, 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11ac), Bluetooth 5, GPS/GLONASS/Beidou, NFC texnologiyalari, USB Type-C porti bilan jihozlangan.

Nihoyat, eng qizig‘i – narxiga ham yetib keldik... Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Mi 9 narxi 3300 yuandan boshlanishi kerak edi, bu esa 490 AQSh dollariga teng. Ammo kompaniya bosh direktori Ley Szun bitta gapda qattiq turib oldi: flagman narxi 3000 yuandan boshlanishi kerak, bu chegara psixologik jihatdan katta ahamiyatga ega.

Natijada tezkor/doimiy xotira hajmi 6/128 gigabayt bo‘lgan Mi 9 uchun Xitoyda 2999 yuan (445 dollar) narx belgilandi. Boshida rejalashtirilgan 3299 yuanlik (490 dollarlik) narx esa 8/128 gigabaytlik flagmanga nasib etdi. Orqa qopqog‘i shaffof, xotira hajmi 12/256 gigabayt bo‘lgan Mi 9 bo‘lsa 3999 yuanga (595 dollarga) baholandi.

Xiaomi Mi 9 mahalliy bozorga 26 fevraldan chiqariladi, boshqa mamlakatlarga chiqish vaqti va narxi hozircha noma’lum. Ushbu kompaniyaning bundan avval taqdim etgan Redmi Note 7 modelini hozircha faqat AliExpress’dan buyurtma orqali sotib olish mumkin. Jahon bozoriga chiqarilgan ayrim Xiaomi smartfonlarini esa 819 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish imkoni bor. Ayniqsa, shu kunlarda – aksiya doirasida bu xaridingiz yanada yoqimli va manfaatli bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi daktiloskopli ekranga ega Redmi Note 7 Pro’ning ham namoyish kunini e’lon qildi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!