«Aslo qotmas» telefonlar ijodkori eng arzon 5G-smartfonini taqdim etdi (+anboksing videosi)

  •   DiMaX
  •  1141
  •  16.06.2021 09:36

«Aslo qotmas» telefonlar ijodkori eng arzon 5G-smartfonini taqdim etdi (+anboksing videosi)

OnePlus kompaniyasi bultur eng arzon smartfoni – OnePlus Nord modelini namoyish qilgan edi. Keyinchalik ushbu turkumda hamyonbop OnePlus Nord N10 5G hamda OnePlus Nord N100 modellari ham chiqqan va Consumer Reports tahlil kompaniyasi ularni o‘z narx toifasidagi eng kuchli avtonomlikka ega smartfonlar, deya tan olgan. Kuni kecha esa...

O‘QING: AMOLED-displey, 64 MP kamera, NFC va 12 GBgacha «operativka»li 5G-smartfon – €329dan boshlanuvchi narxlarda!

Flagmanlar kushandalarini chiqaruvchi ushbu kompaniya OnePlus Nord CE 5G bilan ham cheklanib qolgani yo‘q: u o‘zining eng arzon 5G-smartfoni – OnePlus Nord N200 (yoki OnePlus Nord N200 5G) modelini taqdim etdi. Uni diagonaliga 6,49 dyuymlik LCD displey bilan ta’minlashgan. Ekranning tasvir aniqligi 1080x2400 piksellik, displeyda piksellar zichligi 405 PPI va kadr yangilanish chastotasi 90 gerslik.

OnePlus Nord N200 5G orqa paneli polikarbonatdan ishlangan, barmoq izi skaneri korpusning yon qirrasiga o‘rnatilgan. Smartfonning 16 megapiksellik selfi sensori uchun displeyning yuqori chap burchagida tirqish ochilgan.

Bosh kamera uchta modulni va fotochaqnoqni o‘z ichiga oladi: asosiy datchik 13 megapiksellik aniqlikda bo‘lsa, makros’yomka va monoxrom suratlar uchun har biri 2 MPlik qo‘shimcha sensorlar mavjud.

Nord N200 modelining apparat ta’minoti asosini Qualcomm Snapdragon 480 protsessori tashkil etadi. Smartfon faqat bitta modifikatsiyada – 4 gigabaytlik LPDDR4X turidagi tezkor hamda 64 gigabaytlik UFS 2.1 toifali doimiy xotira bilan chiqarilmoqda.

O‘QING: Dunyo smartfon bozorining 70 foizi shu beshtagina kompaniyaga tegishli!

OnePlus Nord N200 akkumulyatori 5000 mA/soatlik bo‘lib, USB Type-C porti orqali 18 vattlik tezkor quvvat oladi. Mazkur telefon korpusining o‘lchamlari 163,1x74,9x8,3 millimetrga, vazni esa 189 grammga teng.

Quyidagi anboksing videosida OnePlus Nord N200 5G bilan batafsil tanishish mumkin:

OnePlus Nord N200 uchun 240 AQSh dollari miqdorida narx belgilangan. AQSh va Kanadada uni 25 iyundan sota boshlashadi; qolgan mamlakatlar bozoriga bu modelning qachon chiqishi hozircha noma’lum.

O‘QING: AnTuTu: May oyida egasini rozi qilgan smartfonlar reytingida bulturgi flagmanlar yetakchi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!