Butun sayyoraga internet tarqatuvchi Starlink saytida allaqachon ulanishga ariza berishingiz mumkin!

  •   DiMaX
  •  7110
  •  15.06.2020 10:08

Butun sayyoraga internet tarqatuvchi Starlink saytida allaqachon ulanishga ariza berishingiz mumkin!

Ilon Mask o‘zining Starlink loyihasi doirasida butun Yer yuzini tekin internet bilan ta’minlashni niyat qilgan. Tesla hamda SpaceX kompaniyalari asoschisi yana fazoviy sayyohlik va Marsni egallashni rejalashtirgan.

O‘QING: Marsga parvoz sari ilk qadam: SpaceX ikki fazogirni uchirdi!

Joriy oy boshida – 4 iyun kuni Falcon 9 raketa-tashuvchisi SpaceX kompaniyasining navbatdagi 60 ta mini-yo‘ldoshini Yer orbitasi quyi qatlamiga olib chiqqan edi. 13 iyunda esa bu tashuvchi yana 58 ta mikroyo‘ldoshni fazoga chiqardi va bu sayyoramizga bepul internet tarqatishga mo‘ljallangan Starlink loyihasi doirasidagi to‘qqizinchi parvoz bo‘ldi.

Ushbu loyiha sayyoramizning istalgan burchagida, hatto infratuzilma mavjud bo‘lmagan chekka hududlarda ham keng polosali internetga ulanish imkonini taqdim etishga mo‘ljallangan. Buning uchun esa sun’iy yo‘ldosh orqali ulanishni tashkil etish talab etiladi – Mask ulardan jami 12 mingta uchirmoqchi. Internetning ishlay boshlashi uchun kamida 780 ta sun’iy yo‘ldosh Yer orbitasiga chiqarilishi lozim; hozircha esa ular soni 540 taga yetgan.

O‘QING: «Vau, ishlab ketdi!»: Ilon Mask kosmos orqali ilk tvitni jo‘natdi

Starlink mana shu yozning o‘zidayoq yopiq beta-testlarni boshlaydi, keyinroq esa ochiq – ommaviy sinovlar o‘tkaziladi. Shu boisdan kompaniya rasmiy saytida allaqachon internetga ulanishni xohlovchilardan arizalar qabul qila boshladi. Buning uchun arizachi elektron pochta manzilini, yashash hududini va pochta indeksini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Biz – Terabayt.uz jamoasi ariza yubordik va mazkur loyiha O‘zbekiston hududida sinovlar boshlashi bilan bildirishnoma kelishi haqida javob oldik:

Siz ham mana bu havola orqali Starlink rasmiy saytiga o‘tib, ariza jo‘natib qo‘yishingiz mumkin.

Starlink o‘z xizmatlarini dastlab AQSh va Kanada hududida taqdim etadi, 2021 yilga borib esa uning interneti butun dunyo bo‘ylab to‘laqonli yoqila boshlaydi. Lekin yana bir masala chiqib qoldi...

Gap shundaki, shu paytgacha ko‘plab xabarlarda Starlink interneti bepul bo‘lishi aytilayotgan edi. Ammo keyingi paytlarda uning interneti pulli, lekin past narxlarda taqdim etilishini aytishyapti. Shunga qaramay, u hozirgi mobil va simli internetlardan ancha arzon bo‘ladi; asosiysi – hamma joyda va 5–10 marta tez ishlaydi.

O‘QING: Facebook butkul bepul internetni ishga tushirdi!