Epic Games uchta o‘yinni 24 sentyabrgacha bepul beryapti: xaker, futbol menejeri...

  •   DiMaX
  •  1840
  •  18.09.2020 13:32

Epic Games uchta o‘yinni 24 sentyabrgacha bepul beryapti: xaker, futbol menejeri...

Kuni kecha biz PlayStation 4 pristavkalari egalari uchun xushxabar e’lon qilgan edik. Ya’ni, mashhur Call of Duty turkumidagi hali rasman namoyish etilmagan Call of Duty: Black Ops Cold War o‘yinini alfa-test doirasida bepul o‘ynab ko‘rishlari mumkin.

O‘QING: Sony rasman PlayStation 5 chiqish vaqti, narxi va eksklyuziv o‘yinlarini e’lon qildi!

Bu orada esa Epic Games kompaniyasi yana uchta o‘yinni vaqtincha tekinga tarqata boshladi. Ulardan birinchisi Watch Dogs 2 bo‘lib, yosh xaker Markus Xollouey sarguzashtlariga bag‘ishlangan. Bu yigitcha San-Fransisko shahrining ctOS 2.0 nomli operatsion tizimini buzishni ko‘zlagan DedSec guruhiga qo‘shilib oladi. Maqsadga erishish yo‘lida turli texnika jihozlarining hamda jangovar gadjetlarning himoyasini buzib kirishga to‘g‘ri keladi, otishmalar ham bo‘ladi...

Watch Dogs 2 o‘yinini butunlay bepul olib qo‘yish uchun uning Epic Games Store’dagi sahifasiga mana bu havola orqali o‘tasiz.

O‘QING: Epic Games Store tekinga tarqatgan o‘yinlarning asl narxini bilasizmi?

Mazkur kompaniya bepul hadya etayotgan Stick It To The Man! o‘yinida geymerlar Rey ismli bosh qahramon – himoya kaskalari sinovchisiga shaxsiy muammolarni yechishda yordam berishlari lozim bo‘ladi.

Bu o‘yinni mazkur havola orqali bepul olib qo‘yish imkoni mavjud.

O‘QING: OGOH BO‘LING: Bu ommabop o‘yin fanatlari o‘zlarini o‘ldira boshlashdi!

Tekinga olish mumkin bo‘lgan uchinchi – Football Manager 2020 o‘yinning mohiyati esa nomidan ham ma’lum. Unda siz futbol jamoasi tuzishingiz, uning uchun taktika o‘ylab chiqishingiz va unga amal qilishingiz lozim. Geymer bu o‘yinda maydonga kim tushishini hal etishdan tashqari, futbolchilarning mashg‘ulotlarida ham qatnashadi, transferlar amalga oshiradi va klubini ommalashtiradi.

Futbol ishqibozlari ushbu o‘yinni bepul yuklab olish uchun ushbu havoladan foydalanib, Epic Games do‘koniga o‘tishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi uchta o‘yinning ham bepul tarqatilish muddati 24 sentyabr kuni, Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da tugaydi. Ammo shungacha ularni ko‘chirib olib qo‘ysangiz, so‘ng xohlagan paytingiz tekinga o‘ynayverasiz.

O‘QING: Putin Trampga sovg‘a qilgan JCh–2018 to‘pining ichidan qanday chip topishdi?