Galaxy S21 Ultra ham chiqdi: turkumning S Pen stilusli ilk vakili, tag‘in S20 Ultra’dan arzon! (+video)

  •   DiMaX
  •  6919
  •  15.01.2021 13:37

Galaxy S21 Ultra ham chiqdi: turkumning S Pen stilusli ilk vakili, tag‘in S20 Ultra’dan arzon! (+video)

Janubiy koreyalik texnogigant Galaxy S21 hamda Galaxy S21 Plus smartfonlarini namoyish qilgani haqida yozgandik. Ushbu turkumning eng ilg‘ori – Galaxy S21 Ultra modeli ham taqdim etildi va u bulardan jiddiy farq qiladi.

O‘QING: Samsung ekranosti kamerali ilk devaysini ko‘rsatdi, lekin bu smartfon emas! (rasmiy video)

Shu paytgacha Galaxy S hamda Galaxy Note turkumidagi flagmanlar orasida asosiy farq S Pen stilusi edi, yangi smartfonida Samsung ushbu chegarani olib tashladi. Shunga qaraganda, Galaxy Note turkumi chindan ham yopilib, o‘rnini buklamafonlar egallaydi, shekilli.

Galaxy S21 Ultra modeli ushbu seriyaning S Pen stilusli birinchi va hozircha yagona vakilidir. Ushbu aksessuar yordamida qaydlar yozish, suratlarni tahrirlash va kamerani boshqarish mumkin. Galaxy Note turkumi vakillaridan farqli ravishda, yangi smartfon korpusida bu elektron pero uchun joy ajratilmagan; ya’ni, u Galaxy S21 Ultra’ning tarkibiy bir qismi emas, balki qo‘shimcha aksessuardir. S Pen bu qurilmaning qadoq jamlanmasiga ham kiritilmagan – alohida sotib olinadi, maxsus g‘ilofda saqlanadi va o‘sha yerdan quvvat oladi.

Dizayn borasida Galaxy S21 Ultra ikkita «ini»siga o‘xshash: romsiz displey, undagi tuynukka o‘rnatilgan selfi datchigi; bosh kameraning korpusdan ajralib turuvchi blogi. Lekin uning o‘lchamlari kattaroq – 6.8 dyuymlik Dynamic AMOLED 2X displeyning aniqligi 1440x3200 piksellik. Kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik bo‘lgan ekran HDR10+ texnologiyasiga ega. Buningdek, displeyning maksimal yorqinligi 1500 nit bo‘lib, bu borada ayni damgacha chiqqan barcha Galaxy qurilmalari orasida eng yuqori birlikdio. Ekranga daktiloskop integratsiya qilingan hamda yuzasi Corning Gorilla Glass Victus toblangan shishasi bilan muhofaza etilgan.

Galaxy S21 Ultra modelining narigi ikkita flagmandan yana bir farqi – displeyining chetlari qayrilganligidir. Smartfon korpusi shishadan ishlangan va, sheriklaridagi singari, IP68 standartiga ko‘ra himoyalangan (1,5 metrgacha suv ostida 30 daqiqa tura oladi).

O‘QING: Eng antiqa anboksing: Suv tubida Galaxy S20 FE qadog‘ini ochib, o‘zini ishlatib ko‘rsatishdi!

«Ultra»-flagmanning asosiy ustunliklaridan biri uning kameralaridir. Unda selfilar uchun naq 40 megapiksellik (f/2.2) sensor qo‘llangan bo‘lsa, bosh kamera blogi to‘rtinchi modul evaziga kattaroq qilingan. Asosiy sifatida 108 megapiksellik (f/1.8) datchik o‘rnatilgan va u lazerli avtofokusga, OIS tizimiga ega. Kamera jamlanmasiga LED-chaqnoq hamda yana uchta modul kiradi: 10 MPlik periskop (f/4.9) – 10 karralik optik zumli; 10 MPlik telefoto (f/2.4) hamda 12 MPlik keng burchakli (f/2.2) kameralar. Galaxy S21 Ultra – barcha kameralaridan soniyasiga 60 kadr tezligida 4K formatli video yozib olishga qodir bo‘lgan birinchi Samsung smartfonidir.

Galaxy S21 Ultra ham sotilish hududiga bog‘liq holda Qualcomm Snapdragon 888 yoki Exynos 2100 protsessorlari bilan chiqarilmoqda. Smartfonni 16 gigabaytgacha hajmli tezkor hamda 512 gigabaytgacha bo‘lgan doimiy xotirali variantlarda taklif etishadi. Samsung bu qurilmasini Wi-Fi 6E moduli, NFC chipi hamda AKG stereodinamiklari bilan ta’minlagan.

Ultra-versiyadagi flagmanda batareya tok sig‘imi ham kattaroq – 5000 mA/soatlik. Uni simli usulda 25 vattlik, simsiz holda esa 15 vattlik texnologiyalar bo‘yicha quvvatlash mumkin. Tabiiyki, smartfonda reversiv zaryadka – boshqa devayslarga quvvat uzatish qobiliyati ham mavjud.

Galaxy S21 Ultra modeli Phantom Black, Phantom Silver, Phantom Titanium, Phantom Navy hamda Phantom Brown tusli korpuslarda sotiladi. Uning narxi 1250 yevrodan boshlanadi; bu esa baribir bulturgi Galaxy S20 Ultra modelidan 100 yevroga arzon. Sheriklari singari, u ham 29 yanvardan ochiq savdoga qo‘yiladi.

O‘QING: Samsung ko‘rinmas kamerali Galaxy Note 21 Ultra’ni videoda ko‘rsatdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!