«JONLI» VIDEO: Hali namoyish qilinmagan Xiaomi Mi Play’ni ilk bor fokusda ko‘ramiz!

  •   DiMaX
  •  1049
  •  21.12.2018 18:06

«JONLI» VIDEO: Hali namoyish qilinmagan Xiaomi Mi Play’ni ilk bor fokusda ko‘ramiz!

Xiaomi kompaniyasi yoshlarbop Mi Play (yoki Xiaomi Play) smartfonini tayyorlayotgani haqida xabar berganmiz. 24 dekabrda rasman namoyish etiladigan bu qurilmaning rasmiy suratlari ham e’lon qilingan.

O‘QING: Keyingi haftadayoq taqdim etilayotgan yoshlarbop Xiaomi Play smartfonini rasmiy suratlarda ko‘ramiz!

Endi esa Xiaomi hali taqdimotidan ham avval Weibo ijtimoiy tarmog‘ida ushbu smartfonining videosini o‘zi tarqatdi – bunaqasi kam uchraydi! Video bo‘lgandayam uncha-muncha tizer emas, balki shu Mi Play ijrosida fokus ko‘rsatishgan!

Mana, o‘zingiz tomosha qiling-da:

Xo‘sh, siz fokus sirini topa oldingizmi?

Xiaomi ushbu modelini 24 dekabrda taqdim etadi, kompaniya undan naq mingtasini bir vaqtning o‘zida qadog‘idan olish bilan Ginnesning Rekordlar kitobiga kirmoqchi. Avvalroq OnePlus shunday yo‘l bilan rekord o‘rnatgan edi.

O‘QING: Xiaomi eng arzon – Redmi Go smartfonini ro‘yxatdan o‘tkazdi!

Aytish kerakki, Xiaomi Mi Play allaqachon TENAA’da sertifikatsiyadan o‘tgan va uning asosiy texnik xususiyatlari ma’lum.  Smartfonda hozircha noma’lum bo‘lgan sakkiz yadroli protsessor qo‘llanyapti, uning maksimal takt chastotasi 2.3 gigagersga teng. Versiyasiga bog‘liq holda Mi Play tezkor xotirasi 3/4/6 GB, doimiy xotirasi esa – 32/64/128 gigabayt hajmga ega. Qurilmaning «quvvat toshi» bo‘lsa – 2900 mA/soatlik sig‘imga ega akkumulyator.

Diagonaliga 5.84 dyuymlik ekranning tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatda. Tasvir aniqligi Full HD+ formatida bo‘lgan displeyining tepa qismida tomchisimon «o‘yiq» bor – unda 8 megapiksellik kamera datchigi joylashgan.

Xiaomi Mi Play korpusining orqa qopqog‘i shishadan yoki jilodor plastikdan ishlangan, uning gradiyent tusli variantlari ham bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi’ning eng ommabop smartfonini yangi proshivka ishdan chiqarmoqda

Yuqori chap burchakka qo‘ndirilgan bosh kamera qo‘shaloq bo‘lib, uning asosiy sensori 12 megapiksellik. Shuningdek, barmoq izi skaneri ham orqa panelga o‘rnatilgan.

Yoshlarbop Mi Play faqatgina o‘z vatanida sotilishi ehtimoli yuqori – boshqa mamlakatlarda uni rasman sotishmasa kerak. Xiaomi jahon bozoriga chiqargan turli smartfonlarini esa 809 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda sotib olish mumkin.

O‘QING: Mi 8 Pro ham Terashop.uz’ga yetib keldi, Xiaomi smartfonlari arzonlashdi (2018 yil 12 dekabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!