Mashhur narkobaronning akasi eng arzon buklamafon taqdim etdi va Apple’ni yakson qilishga so‘z berdi!

  •   DiMaX
  •  2762
  •  03.12.2019 14:14

Mashhur narkobaronning akasi eng arzon buklamafon taqdim etdi va Apple’ni yakson qilishga so‘z berdi!

Kolumbiyalik taniqli narkobaron Pablo Eskobarning tug‘ishgan akasi Roberto Eskobar o‘zining birinchi buklama smartfonini namoyish qildi. Escobar Fold 1 deb nomlangan bu gadjet eng arzon buklamafon bo‘lib chiqdi – narxi atigi 349 dollar!

O‘QING: Apple Store’ga salkam bir kilogramm narkotik modda yetkazib berishdi!

Hozirda eng ommabop va zo‘r buklama smartfonlar – Samsung Galaxy Fold hamda Huawei Mate X bo‘lsa, Escobar Fold 1 o‘zining arzonligi bilan bozorda o‘z o‘rnini topishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Roberto Eskobar o‘z mahsulotini ommalashtirishning antiqa yo‘lini topdi – Apple’ga qarshi urush ochdi!

Digital Trends nashriga bergan intervyusida Robertoning ta’kidlashicha, uning maqsadi – Apple’ni yo‘q qilish ekan. Kupertinolik korporatsiyani u firibgarlar deb atadi va 2020 yilning 6 yanvarida unga qarshi sudga beriladigan arizaga qo‘shilayotganini aytdi. Eskobarning fikricha, Apple naq 30 milliard dollarni, ya’ni «nolegal daromadning bir qismini kishilarga qaytarishi kerak». Roberto Eskobar hatto bu sud ishlariga million dollar sarflashga ham tayyorligini bildirgan.

O‘QING: Apple barchani tinglar ekan - uni sudga berishdi!

Smartfonga qaytadigan bo‘lsak, Escobar Fold 1 diagonaliga 7,8 dyuymlik AMOLED-displeyga ega. Full HD+ sifatida tasvir uzatishga qodir bo‘lgan bu ekran o‘rtasidan bukiladi. Uning qo‘shimcha ekrani yo‘q, shu boisdan smartfondan ko‘ra ko‘proq planshetga o‘xshaydi. Bazaviy jamlanmasida Snapdragon 8150 protsessori va 6 GB tezkor xotiraga ega. Yana u qo‘shaloq kamera, barmoq izi skaneri hamda tezkor quvvatlanuvchi 4000 mA/soatlik akkumulyator bilan ham ta’minlangan.

Lekin aslini olganda Escobar Fold 1 degani – o‘tgan yilning noyabridayoq taqdim etilgan eng birinchi buklamafonRoyole FlexPai modelining nusxasidir. Ushbu qurilmaning ilk partiyasi tezda sotilib tugatilgani hamda taniqli texnobloger JerryRigEverything ayovsiz sinab ko‘rsatgan videosini e’lon qilganmiz.

Qizig‘i shundaki, original FlexPai buklamafoni bundan ancha qimmat turadi: uning 6/128 gigabaytlik xotiralisi 1337 AQSh dollariga, 8/256 GBligi 1486 dollarga, 8/512 gigabaytligi esa 1932 dollarga narxlangan. Roberto Eskobar esa uni olib, tillarangga bo‘yab, yana to‘rt baravar arzonga sotyapti!

Narkobaronning akasi «Apple’ni yo‘q qilish» strategiyasini piar sifatida tanlagani ma’lum, ammo Escobar Fold 1 savdosi qanday bo‘lishi haqida hozircha bir nima deyish qiyin.

O‘QING: Arzon iPhone’lar endi dunyo bozoriga ham chiqadi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!