O‘zbekiston xabarlari: TikTok birinchi o‘rinda, elektromobillar servis markazlari va boshqalar

  •   DiMaX
  •  744
  •  14.07.2020 10:54

O‘zbekiston xabarlari: TikTok birinchi o‘rinda, elektromobillar servis markazlari va boshqalar

Tez ommalashib borayotgan TikTok ilovasi yuklab olishlar soni bo‘yicha yurtimizda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Bu haqda ma’lum qilgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi yana O‘zbekistonga oid boshqa IT-xabarlarni ham ulashgan va quyida ular bilan tanishamiz.

O‘QING: Koronavirus uchun Xitoyga qarshi qasos sifatida TikTok’ni bloklashmoqchi!

TATU talabalari Big Idea Challenge xalqaro tanlovda ishtirok etishmoqda

Britaniya Kengashi va London Metropolitan Universiteti tomonidan tashkil etilgan Big Idea Challenge xalqaro tanlovi va Creative Spark global dasturida ishtirok etayotgan yoshlarga o‘zining ilg‘or g‘oyalarini o‘rtoqlashish imkonini yaratadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun yuzlab arizalar topshirildi. Hakamlar tomonidan 7 ta davlatdan 63 nafar yarim finalchi, shular qatorida O‘zbekistondan ham 9 ta jamoa saralanib keyingi bosqichga o‘tdi.

Tanlovda Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari ham ishtirok etishdi. Final bosqichiga ikkita startap-jamoalar o‘z loyihalari bilan yo‘llanma olishdi:

  • «Tabiat tomon qadam qo‘yish» loyihasi. Loyiha g‘oyasi — standart dvigatelga ega avtomobillarni elektron avtomobilga aylantirish. Loyiha mualliflari — Yulduz Abriyeva, Abdulboriy Alimov, Suhrobbek Hakimov.
  • «Loompal» loyihasi. Loyiha g‘oyasi — sayyohlarga joylashuvlar orqali marshrutini ko‘rsatib bera oladigan bilaguzukni ishlab chiqarish. Loyiha mualliflari — Elvira Salavatova, Nasrullo Fayzullayev, Dmitriy Lijin.

Joriy yil 6 iyuldan 19 iyulgacha har bir loyiha uchun ochiq onlayn ovoz beriladi. Natijalari bo‘yicha har bir davlatdan bir jamoa mazkur toifa uchun g‘olib deb topiladi, bir jamoa esa onlayn ovoz berish orqali tomoshabinlar tomonidan tanlanadi. Bundan tashqari tanlovning xalqaro bosqichda ishtirok etish uchun har bir davlatning bir jamoasidan bir nafar nomzod tanlanadi.

O‘QING: O‘zbekistondagi «trollar fabrikasi»ning dovrug‘i Oksford universitetigacha yetib bordi!

IT-Park: rezident maqomiga ega bo‘lish uchun arizalarni endi onlayn shaklda topshirsa bo‘ladi

IT-Park rezidenti maqomiga ega bo‘lishni xohlaganlar endi o‘z arizalarini onlayn shaklda topshirishlari mumkin. Buning uchun arizani quyidagi shaklda to‘ldirish shart: https://it-park.uz/ru/itpark/residents/residence-application/form

IT-Park rezidentlarga qo‘yilgan talab va qoidalarni quyidagi havola orqali o‘rganish mumkin: https://it-park.uz/ru/itpark/residents/requirements

O‘QING: IT-Park dasturlash bo‘yicha bepul onlayn darslarni yo‘lga qo‘ydi

2021 yil 1 yanvaridan davlat idoralari «open source»ga o‘tishlari mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinig «Davlat organlari va tashkilotlarida erkin tarqatiladigan, ochiq kodli dasturiy ta’minotlarni joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi keng muhokamaga qo‘yilgan.

Mazkur hujjatga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarida erkin tarqatiladigan, ochiq kodli dasturiy, sertifikatlangan va axborot xavfsizligi talablariga javob beradigan barcha turdagi dasturiy ta’minotlardan foydalanish tizimi joriy etiladi.

Shunday qilib barcha davlat idoralari «erkin soft»dan foydalanish, ya’ni uni cheklanmagan holda o‘rnatish, ishga tushirish, erkin foydalanish va tarqatish imkoniyatga ega bo‘ladi.

Qaror loyhasi muhokamasi 22 iyul kunigacha davom etadi.

O‘QING: Telegram asoschisi Apple va Google’ni jiddiy ayblab, ularning gegemonligini to‘xtatish yo‘lini ko‘rsatdi

Elektromobillar uchun shoxobcha va servis markazlari 2021 yil yanvardan barpo etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-yenergetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatga binoan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu bilan birga elektromobillar uchun tegishli infratuzilmani yaratish «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Joriy yil sentyabr oyiga qadar xorijiy tajribani o‘rgangan holda tahliliy materiani tayyorlash ko‘zda tutilgan. 2021 yil yanvar oyida Toshkent shahrida elektromobillarni tezkor ravishda quvvatlantiradigan maxsus ikkita tizimni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Loyiha «O‘zbekneftegaz» AJ tomonidan moliyalashtiriladi.

O‘QING: Oddiy fuqaro nega birdaniga 27 dona Tesla elektromobili sotib oldi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.