Pandemiya sharoitida AQSh va Isroilga kiberhujumlar oshmoqda

  •   DiMaX
  •  356
  •  27.05.2020 12:58

Pandemiya sharoitida AQSh va Isroilga kiberhujumlar oshmoqda

Isroil yuzlab veb-sahifalari Eron tomonidan xakerlik hujumiga uchraganini da’vo qilmoqda. Sahifalarning asl matni o‘rniga ivrit va ingliz tillarida «Isroilning vayron bo‘lishiga oz qoldi» degan gap qoldirilgan, deb yozadi Sof.uz.

O‘QING: Video: politsiya o‘zining xakerlik qilayotganini ko‘rsatib maqtandi!

«Amerika ovozi» nashrining xabar berishicha, ushbu kiberhujum Isroil sodir etgani aytilayotgan Eronning Bandar Abbos portiga hujumga javob sifatida ko‘rilmoqda. Bandargohga hujum esa Eronning Isroil suv xo‘jaligi boshqarmasi saytiga qarshi kiberhujumiga javob ekani taxmin qilinmoqda.

Isroil kiberxavfsizlik sohasida yetakchi davlatlardan hisoblanadi. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan minglab askarlari harbiy xizmatini razvedka va kiber bo‘limlarda o‘tab, xizmatdan so‘ng shu yo‘nalishdagi noharbiy kompaniyalarda ishlaydi.

«Isroil kibertahdidlarga o‘ziga xos tarzda yondashadi – ilm ahli, ijtimoiy va xususiy sektorlarni jalb qilib, ularning harakatlarini muvofiqlashtiradi. Isroil kibertahdid faqat harbiy yoki noharbiy tahdid emasligini yaxshi tushunadi. Bu – milliy tahdid», — deydi Tel-Aviv universitetining Kibernetik izlanish markazidan Gil Baram.

Isroilning «Checkpoint» kompaniyasi kiberxavfsizlik sohasida dunyodagi yetakchi shirkatlardan bo‘lib, harbiy xizmatni birga o‘tagan uch kishi tomonidan asos solingan. Kompaniya yaqinda Xitoyning Janubi-sharqiy Osiyodagi davlat idoralari sahifalariga xakerlik qilishni maqsad qilgan josuslik amaliyotini fosh qildi.

«Bu hujumlarni yillar davomida kuzatganmiz, ammo kalavaning uchini endi topishga muvaffaq bo‘ldik. Ko‘plab hujumlar bir-biriga bog‘langanini ko‘rgan edik. Bu razvedkaning ishi bo‘lib, yillab davom etib kelayotgan bir kampaniya doirasidagi hujumlardir», — deydi «Checkpoint» kompaniyasidan Lotem Finkelshteyn.

O‘QING: Isroilliklar istalgan iPhone va Android-smartfon himoyasini buzuvchi qurilma yaratishdi

Xitoy hukumatiga aloqador xakerlarni AQShdan ma’lumot o‘g‘irlashda ayblab kelishadi. Yaqinda koronavirusga qarshi vaksina bo‘yicha olib borilayotgan izlanishga doir ma’lumotni ham o‘g‘irlashga harakat bo‘ldi, biroq Xitoy hukumati ayblovlarni inkor etdi.

«Xitoy kiberhujumlardan, asosan, intellektual mulkni o‘g‘irlashda foydalanadi. Federal qidiruv byurosiga ko‘ra, Xitoy AQShdagi sog‘liqni saqlash tashkilotlariga qarshi xakerlik qilmoqda», — deydi Gil Baram.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kompyuter tizimiga qarshi hujumlar ko‘payganini aytib, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilmaguncha kiberhujumlar yanada ko‘payishi haqida ogohlantirdi.

O‘QING: Yandeks xaritasi Turkiya va Isroilning harbiy ob’yektlarini yashirishga urinib, aksincha – fosh etib qo‘ydi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!