POCO X3 NFC namoyish qilindi: 120 Gs displeyli, IP54 himoyali, 5160 mAh batareyali va stereodinamikli hamyonbop smartfon

  •   DiMaX
  •  6364
  •  08.09.2020 11:08

POCO X3 NFC namoyish qilindi: 120 Gs displeyli, IP54 himoyali, 5160 mAh batareyali va stereodinamikli hamyonbop smartfon

Xiaomi korporatsiyasiga qarashli Poco brendi o‘rta narx toifasiga mansub POCO X3 NFC smartfonini taqdim etdi. Kompaniyaning keyingi qurilmalaridan farqli ravishda, bu – Xiaomi yoki Redmi brendi ostida oldin chiqqan biror modelning kloni emas, balki chindan ham yap-yangi rusumdagi telefondir.

O‘QING: Xiaomi, Redmi, Poco va Black Shark smartfonlaridan qaysilari va qachon barqaror Android 11’gacha yangilanadi?

POCO X3 NFC modeli alyuminiy romli plastik korpusda chiqqan va IP54 standartiga ko‘ra suvdan himoyaga ega. Shuningdek, uni Hi-Fi ovozli stereodinamiklar, yangicha vibromotorcha, quloqchin tirqishi, NFC moduli, infraqizil datchik, Bluetooth 5.1, yon qirradagi daktiloskop hamda gibrid slot (ikkita SIM-karta yoki SIM + microSD-karta) bilan ta’minlashgan.

Smartfonning ekrani IPS-panelli bo‘lib, diagonaliga 6.67 dyuymlik o‘lchamga ega. Displeyning tasvir aniqligi FHD+ formatida, u videoning HDR10 formatini qo‘llab-quvvatlaydi, yangilanish chastotasi naq 120 gerslik!

POCO X3 NFC ekranining tirqishida 20 megapiksellik old kamera joylashgan.

Uning bosh kamerasi esa to‘rt modulli bo‘lib, asosiy sensor sifatida 64 megapiksellik Sony IMX682 datchigi ishlatilgan. Ikkinchi – 13 MPlik modulga 119 darajali ko‘rish burchagiga ega keng burchakli ob’yektiv o‘rnatilgan. Kvadrokamera jamlanmasida yana 2 megapiksellik makrokamera hamda shunaqa aniqlikdagi sahna chuqurligi datchigi ham bor.

O‘QING: Xiaomi va Redmi smartfonlariga uzoq kutilgan funksiya kela boshladi!

Yangi smartfonning «elektron yuragi» sifatida sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 732G protsessori tanlangan.

POCO X3 NFC samaradorligini ta’minlash uchun unga 6 gigabaytlik tezkor xotira hamrohlik qiladi. Smartfonni yana LiquidCool Technology 1.0 Plus sovitish tizimi hamda Game Turbo 3.0 o‘yin rejimi bilan ham ta’minlashgan.

POCO X3 NFC akkumulyatorining tok sig‘imi 5160 mA/soatlik bo‘lib, 33 vattlik tezkor quvvatlanadi va shunaqa zaryadnik smartfon jamlanmasining o‘ziga kiritilgan.

Xiaomi mazkur smartfonini MIUI 12 grafik qobig‘i hamda POCO launcheri bilan taqdim etgan.

Yevropada bu smartfonning savdolari bugun – 8 sentyabrdan boshlanyapti. Xohlovchilar bu qurilmani ichki xotirasi 64 yoki 128 gigabaytlik variantda xarid qilishlari mumkin. Dastlabki xaridorlar ularni maxsus narxda olish imkoniga ega: 6/64 gigabaytligi 199 yevro, 6/128 gigabaytligi esa – 249 yevro. Keyin esa POCO X3 NFC o‘z narxida – tegishlicha 229 va 269 yevro evaziga sotiladi.

O‘QING: Xiaomi o‘zining smartfoni vositasida avtomobilni masofadan boshqarib ko‘rsatdi (+video)