Qo‘lga olingan xaker universitetning... qorovuli bo‘lib chiqdi!

  •   DiMaX
  •  1982
  •  03.10.2019 14:13

Qo‘lga olingan xaker universitetning... qorovuli bo‘lib chiqdi!

Dasturlashni bilgan har qanday kishi, loaqal bir marta bo‘lsa-da, xakerlikka ham qiziqib ko‘rsa kerak. Shuningdek, g‘arazli maqsadlarni ko‘zda tutmaydigan «oq xakerlik» tushunchasi ham borki, uni o‘rganish uchun 6 ta eng yaxshi resurs haqida maqola chiqarganmiz.

O‘QING: BUNAQASI BO‘LMAGAN: «oq xaker» Sukerbergning Facebook-sahifasini shu tarmoqdagi jonli efirda buzib tashlashga so‘z berdi!

Lekin xakerlikda ayblanayotgan Novosibirsk davlat agrar universiteti xodimi u yerda biror dasturchi yoki professor emas, balki... oddiygina qorovul bo‘lib ishlaydi! Ha, 31 yoshli qo‘riqchi ziyonkor dasturlar yordamida o‘yin platformalari foydalanuvchilarining login va parollarini o‘g‘irlashda ayblanmoqda.

Novosibirsk shahri Oktyabr tumani sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishining aybloviga ko‘ra, qorovul Steam, Rockstar Games, Electronic Arts va boshqa servislar foydalanuvchilarining akkauntlari uchun login va parollarni tanlab beruvchi dasturlarni universitet binosida o‘z kompyuteriga yuklab olgan. Keyin esa login-parollarni o‘g‘irlab, ularni sotuvga qo‘ygan.

O‘QING: Samarqandda 60 yashar kiber jinoyatchiga hukm o‘qildi (+video)

Buzib kirilgan akkauntlarning soni aniq emas, ammo 2018 yilning iyunidan to 2019 yilning yanvariga qadar qo‘riqchining bank hisobiga uch marta, umumiy miqdorda 1,7 ming rubl miqdorida pul tushgan, so‘ng xaker ularni bank kartasiga o‘tkazib olgan.

Qorovulni IP-manzili asosida Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari ushlashgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, unga RF jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-bandida ko‘zda tutilgan – ziyonkor kompyuter dasturlaridan foydalanish aybi qo‘yilgan va u o‘z aybini to‘lig‘icha bo‘yniga olgan. Hozirda sud mazkur holat bo‘yicha ish olib bormoqda, hali hukm o‘qilgani yo‘q.

Darvoqe, avvalroq Milliy xavfsizlik agentligi vakili AQShning to‘rtta mamlakat xakerlaridan qo‘rqishini aytgan edi, o‘shalar hali biror farrosh bo‘lib chiqsa ham ajabmas...

O‘QING: Xakerlikni boshlash uchun 5 ta kitob

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!