Redmi K30 endi eng arzon 5G-smartfon emas! Lekin buyam vaqtinchalik...

  •   DiMaX
  •  1993
  •  07.01.2020 17:02

Redmi K30 endi eng arzon 5G-smartfon emas! Lekin buyam vaqtinchalik...

Xabaringiz borki, Xiaomi korporatsiyasining Redmi K30 modeli 5G-smartfon sifatida ham mashhur bo‘lgan. Uning 4G-versiyasi avvalroq savdoga qo‘yilgan edi, bugun – 7 yanvardan esa flagmanning 5G-talqini sotila boshladi va...

O‘QING: 5G vasvasasi: Redmi K30 5G ikki soatdayoq talash bo‘ldi!

Biroq boyagina, 2020 yilning 7 yanvar kuni Xitoyda uning asosiy raqibi – Realme X50 5G namoyish etildi. Mazkur flagmanning boshlang‘ich konfiguratsiyadagi – 8/128 gigabaytlik tezkor/ichki xotirali varianti 360 dollarga narxlangan. Ayni shunday konfiguratsiyali Redmi K30 5G esa 375 dollardan sotilmoqda.

Demak, ayni damda Realme X50 5G smartfoni ayni damgacha taqdim etilgan beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi eng arzon telefon bo‘lib turibdi. Lekin masalaning boshqa jihati ham bor – 14 yanvardan Redmi K30 5G flagmanining 6/64 va 6/128 gigabaytlik xotiraga ega variantlari sotuvga chiqadi. Ularning narxlari esa tegishlicha 285 va 330 dollarni tashkil etadi; ya’ni, «eng arzon 5G-smartfon» nomini ular Realme X50 5G’dan tezda tortib oladi.

O‘QING: Redmi K30’ning taqdimotda aytilmagan siri fosh bo‘ldi! (+«jonli» video)

Realme X50 5G modeliga kelsak, uning faqat yuqoridagisidan qimmat variantlari mavjud: 6/256 gigabaytligi 388 dollardan, 12/256 gigabaytligi esa 432 dollardan sotiladi. Uning yana Master Edition nomli maxsus talqini ham bor – uning tezkor/doimiy xotirasi 12/256 gigabaytlik bo‘lib, orqa paneli betakror ishlangan va narxi ham shunga yarasha – 446 dollar.

Texnik xususiyatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, Oppo korporatsiyaga qarashli Realme brendining yangi flagmani 6,57 dyuymlik ekranga ega. Displeyning tasvir aniqligi 1080x2040 piksellik bo‘lib, kadr yangilanish chastotasi ancha yuqori – 120 gerslik. Ekranining yuqori chap burchagida ochilgan tirqishda qo‘shaloq kameraning 16 va 8 megapiksellik datchiklari o‘rnatilgan.

O‘QING: Eng ommabop 10 smartfon (1-hafta)

Realme X50 5G modelining bosh kamerasi esa orqa panelning yuqori chap burchagida tikkasiga joylashgan 64, 8, 12 va 2 megapiksellik sensorlarini o‘z ichiga olgan.

Oppo ushbu qurilmaning «elektron yuragi» tarzida Snapdragon 765G chipsetini tanlagan. Realme X50 5G barmoq izi skaneri korpusning yon qirrasiga joylangan. Uning 4100 mA/soatlik akkumulyatori esa 30 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvatlana oladi. Mazkur smartfon Android 10 operatsion tizimi bazasida tayyorlangan Realme UI grafik qobig‘ida ishlaydi.

O‘QING: 2019 yilning eng barqaror smartfonlari va proshivkalari (Master Lu reytingi)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!