«Rekordchi romsiz» Lenovo Z5 – inqilobiy smartfonning hamyonbop versiyasini ilk «jonli» suratlarda ko‘ramiz!

  •   DiMaX
  •  1030
  •  05.06.2018 11:33

«Rekordchi romsiz» Lenovo Z5 – inqilobiy smartfonning hamyonbop versiyasini ilk «jonli» suratlarda ko‘ramiz!

Weibo ijtimoiy tarmog‘ida Lenovo kompaniyasi tayyorlayotgan smartfonning «jonli» suratlari tarqaldi. AndroidPure resursi uni o‘sha mashhur Lenovo Z5 modeli, deya e’lon qilgan.

O‘QING: Inqilobiy Lenovo Z5 ilk rasmiy tizerlarda: unchalik ham romsiz emas ekan!

Bugun taqdim etilishi kutilayotgan ushbu flagmani haqida xitoylik kompaniya bir-biridan qiziq ma’lumotlarni bitta-bittadan oshkor etgan. Jumladan, shu paytgacha Lenovo Z5 nomli bu smartfonning naq 4 terabaytlik doimiy xotiraga ega ekanligi; mobil fotosuratchilikda burilish yasayotgani; hatto akkumulyatorining quvvati 0 foizga tushganda ham ishlayverishi; bitta to‘la quvvat bilan 45 kungacha ishlay olishi; korpusining orqa paneli shishadan ekanligi aytilgan va old panelini to‘laligicha aks ettirgan surati chiqqan.

Lenovo vitse-prezidenti Chang Chen (Chang Cheng) e’lon qilgan renderlarda bu smartfonning ayrim qismlari ko‘rsatilgan, ularga ko‘ra, yangi flagman ekranida iPhone X uslubidagi «kemtik» yo‘q edi. Weibo tarmog‘ida chiqqan «jonli» fotosuratlarda aks etgan yangi Lenovo smartfoni esa ekranida shunday «o‘yiq»qa ega.

Shuningdek, ekranning pastida yaxshigina rom ko‘zga tashlanadi.

Orqa panelida qo‘sh kameraning ob’yektivlari tikka joylashgan, fotochaqnoq esa ulardan pastda:

Bulardan tashqari, smartfon ekranidan olingan skrinshot uning ancha oddiy xususiyatlarga ega ekanligini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bu – Lenovo Z5 flagmani bilan bitta turkumda taqdim etiladigan, uning arzonroq talqini bo‘lsa kerak.

Ushbu model Qualcomm Snapdragon 636 protsessori, 4 GB tezkor va 64 GB doimiy flesh-xotiraga ega bo‘lib, Android operatsion tizimining 8.1 Oreo talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Nima bo‘lganda ham, yaqin orada barchasiga oydinlik kiritiladi, voqealar rivojini biz bilan birga kuzating.

O‘QING: 1 terabayt nima bo‘pti!? Lenovo Z5 – naq 4 terabayt xotirali ilk smartfon!