«Supersamarador» Redmi Note 10 5G allaqachon TENAA’da: «jonli» suratlari va xususiyatlari

  •   DiMaX
  •  1734
  •  16.05.2020 09:57

«Supersamarador» Redmi Note 10 5G allaqachon TENAA’da: «jonli» suratlari va xususiyatlari

Xiaomi kompaniyasi Redmi Note 9 turkumida bir nechta smartfonlarini taqdim etib ulgurgan. Hali to‘qqizinchi avlod smartfoni – Redmi 9 namoyish qilinmay turib, u o‘ninchi avlod Redmi fabletini ham tayyorlab ulguribdi!

O‘QING: Taqdim etilmagan Redmi 9 modeli Xiaomi saytiga, Redmi 10X ikkalasi yana Geekbench’ga ham chiqdi!

TENAA regulyatori ma’lumotlar bazasida Redmi Note 10 5G smartfonining suratlari hamda texnik xususiyatlari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Yangi qurilma o‘z dizayniga ko‘ra oldingi avlod Redmi Note 9 smartfonlaridan aytarli farq qilmaydi. Bosh kamera kvadrat blokda joylashgan bo‘lib, unda uchta sensor va fotochaqnoqqa ko‘zimiz tushadi. Bosh modul 64 megapiksellik aniqlikda ekani aytilmoqda. Qurilmaning old kamerasi ekranning tomchisimon kemtigiga o‘rnatilgan va 16 megapiksellik yakka datchikka ega.

Boshqa xususiyatlariga keladigan bo‘lsak, Redmi Note 10 5G korpusining o‘lchamlari 164,15x75,75x8,99 millimetrga, vazni esa 208 grammga teng. Uning ekrani OLED-matritsali bo‘lib, o‘lchami 6,57 dyuymlik, aniqligi esa 2400x1080 piksellik.

O‘QING: Redmi yanada arzon 5G-smartfon tayyorladi, xususiyatlari bilan tanishamiz!

Xiaomi Group China prezidenti va Redmi bosh direktori Lu Veybing (Lu Weibong) o‘zining Weibo akkauntida navbatdagi Redmi smartfoni «supersamaradorlik»ka ega bo‘lishi haqida post e’lon qilgan. Uning ostiga esa MediaTek kompaniyasining 18 may kuni bo‘lib o‘tadigan onlayn taqdimoti haqidagi posteri havolasini joylagan. Tayvanlik chipsoz unda Dimensity 800 turkumidagi yangi – 2,6 GGs chastotali sakkizta yadro va 5G-modemni o‘zida jamlagan protsessorini namoyish qiladi. Anglaganingizdek, Redmi Note 10 5G ayni shu chipset bazasiga qurilmoqda.

Redmi bu fabletini 4520 mA/soatlik akkumulyator va 22,5 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan ta’minlagan. Xaridorlarga uni 6/64, 6/128, 8/128 va 8/256 gigabaytlik konfiguratsiyalarda taklif etishadi.

Redmi Note 10 5G eng so‘nggi – Android 10 operatsion tizimi bazasida tayyorlangan MIUI 12 grafik qobig‘iga ega. Xiaomi o‘tgan yilgi grafigiga amal qilsa, bu smartfonini shu yozda namoyish qiladi.

O‘QING: RASMIY RO‘YXAT: MIUI 12’gacha yangilanuvchi 32 modeldagi smartfon

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!