Tanlovda qatnashing – ayfonda tushirgan suratlaringizni Apple sotib olmoqchi!

  •   DiMaX
  •  675
  •  10.01.2020 11:33

Tanlovda qatnashing – ayfonda tushirgan suratlaringizni Apple sotib olmoqchi!

Apple an’anaviy mobil fotografiya tanlovini e’lon qildi, faqat bu galgisida iPhone 11, iPhone 11 Pro hamda iPhone 11 Pro Max egalarigina ishtirok eta oladilar. Bu esa korporatsiyaning ayni mana shu smartfonlaridagina mavjud bo‘lgan tungi fotorejim bilan bog‘liqdir.

O‘QING: Apple sizni ham «sloufi» qilishga chorlayapti (+4 ta video)

Tanlovda qatnashish shartlari oddiy: iPhone 11, iPhone 11 Pro va 11 Pro Max smartfonlarida tungi s’yomka rejimida olingan eng chiroyli suratlarni Instagram, Twitter yoki Weibo tarmoqlariga #ShotoniPhone hamda #NightmodeChallenge heshteglarini qo‘llagan holda e’lon qilish kifoya. Istasangiz, original rasmni [email protected] elektron manziliga ham yo‘llashingiz mumkin, bunda fotosurat nomini «ism_familiya_nightmode_iPhone_modeli» formatida ko‘rsatish kerak bo‘ladi.

Tanlov uchun surat olishdan avval iPhone’da tungi rejim faollashtirilganiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Apple shuningdek, s’yomka jarayonida shtativ ishlatishni, kerak bo‘lsa uzoqroq vaqt ushlab turish (iPhone 11 Pro Max modelida) funksiyasidan foydalanishni tavsiya etayotir.

O‘QING: iPhone 11’dagi eksklyuziv funksiya endi Samsung smartfonlariga ham qo‘shiladi!

Tanlovdagi eng yaxshi chiqqan beshta fotosuratni Apple sotib olishga tayyorligini aytgan, ammo pul miqdorini ma’lum qilmagan. Ya’ni, g‘olib bo‘lgan rasmlarni keyinchalik kompaniya reklama maqsadlarida bilbordlarda, turli nashrlarda va boshqa joylarda qo‘llashi mumkin. Shu sababli korporatsiya surat muallifiga litsenziya haqini to‘laydi. Bunda ayfon egasi rasm uchun mualliflik huquqini o‘zida saqlab qoladi, ammo uning bir yilgacha Apple tomonidan qo‘llanishiga rozilik beradi. Shuningdek, ushbu muddat mobaynida rasmning egasi uni boshqa tijoriy maqsadlarda ishlatishga haqli bo‘lmaydi.

Marhamat – o‘n birinchi avlod iPhone’lar egalari o‘z mahoratlarini namoyon etib, omadlarini sinab ko‘rishlari mumkin! Tanlovga suratlar 29 yanvargacha qabul qilinadi, g‘oliblar esa 4 mart kuni aniqlanadi. Yutib chiqqan beshta surat Apple rasmiy saytida va Instagram-akkauntida ham chop etiladi.

O‘QING: iPhone 11’larning taqdimotda Apple aytmagan beshta kamchiligi