Tesla eng xaridorgir ikkita elektrokarini arzonlashtirdi

  •   DiMaX
  •  1257
  •  19.02.2021 13:24

Tesla eng xaridorgir ikkita elektrokarini arzonlashtirdi

Elektromobillar olamining yetakchisi o‘zining eng arzon – Model H (yoki Model 2) rusumli avtomobilini tayyorlayotganidan xabaringiz bor. Hozircha esa Tesla eng ko‘p sotilayotgan ikkita rusumdagi mahsulotining narxlarini pasaytirdi.

O‘QING: 2020 yili eng ko‘p sotilgan o‘nta elektromobil

Tesla o‘zining xit elektromobillari – Model 3 hamda Model Y narxlariga o‘zgartirish kiritdi. Ularning bazaviy modifikatsiyalari ozroq arzonlashtirildi, biroq top versiyalarining narxlari oshdi.

Boshlang‘ich konfiguratsiyadagi Tesla Model 3 Standard Range Plus mashinasi oldin 38 000 dollar turar edi. Yurish zaxirasi 420 kilometrlik, 96 km/soatlik tezlikka 5,3 soniyada chiqa oluvchi ushbu elektrokar narxi endi (chegirma va subsidiyalarni hisobga olmaganda) 37 000 dollar bo‘ldi.

O‘QING: ShOK VIDEO: Tesla elektrokari qabristonda arvohni «ko‘rib» to‘xtadi!

Akkumulyatorining quvvati 392 km yurishga yetuvchi, 96 km/soatlik tezlikka 5,3 soniyada chiqa oladigan Tesla Model Y Standard Range esa 2000 dollarga arzonlashdi. Uning oldingi narxi 42 000 dollar edi, hozir esa bu elektrik avtomobilni 40 000 dollarga olsa bo‘ladi.

O‘rtacha versiyalardagi Model 3 hamda Model Y narxlari o‘zgarishsiz qolgan, lekin ilg‘or versiyalari aksincha – har biri 1000 dollarga qimmatlashgan. Ya’ni, Tesla Model 3 Performance (AWD) narxi 56 000 dollarga chiqqan bo‘lsa, Tesla Model Y Performance (AWD) qiymati 61 000 dollarga yetgan.

O‘QING: Otabek Umarov haydaydigan "Tesla" qanday avtomobil?