Windows 10 tizimli kompyuter yoki noutbuk «qotib» qolsa...

  •   DiMaX
  •  3438
  •  13.01.2020 15:04

Windows 10 tizimli kompyuter yoki noutbuk «qotib» qolsa...

Kompyuterning «qotib qolishi» deganda, aslida, turli texnik muammolar nazarda tutiladi. Bunda biror ilovaning ishlamasdan, ekranda «osilib» turishidan tortib tizimning ishlamay qolib, ko‘k ekran chiqishigacha – aksariyatida foydalanuvchilar shu atamani qo‘llashadi.

O‘QING: Qanday qilib «Siniy ekran smerti» (BSOD) muammosidan qutulish mumkin?

Bulardan ayrimlarini qurilmani o‘chirib-yoqmasdan ham hal etish mumkin va quyida shularni ko‘rib chiqamiz.

1. Grafik drayverni qayta ishga tushirish

Muammo aynan grafik qismga borib taqaladigan bo‘lsa, masalan – o‘yinni tugatgach ekran qorayib turaversa ushbu usul ish beradi. Videodrayverni qayta ishga tushirish uchun Win + Ctrl + Shift + B tugmachalar kombinatsiyasidan foydalanamiz.

2. «Qotib qolgan» dasturni yopish

Ko‘pincha biror ilovaning o‘zi qotib qolishi sababli kompyuter yoki noutbukda muammo tug‘ilishi mumkin. Bunday hollarda o‘sha dasturni «Vazifalar dispetcheri» – «Dispetcher zadach» orqali majburan yopish kerak bo‘ladi.

Buning uchun Ctrl + Shift + Escape tugmachalar kombinatsiyasi yordamida «Vazifalar dispetcheri»ni chaqirasiz, tizim so‘rovlariga javob bermayotgan dasturni topib belgilaysiz va «Vazifani olib tashlash» – «Snyat zadachu» tugmachasini bosasiz.

O‘QING: Kompyuter va smartfonlar 2020 yilda qimmatlaydi, sababi...

3. Kompyuterni odatiy o‘chirib-yoqish

Agarda yuqoridagi choralar natija bermasa, qurilmangizni odatiy rejimda o‘chirib-yoqishga urinib ko‘rasiz. Buning uchun moddiy klaviaturadagi «Pusk» («Start», «Windows») tugmachasini, agarda u ham ishlamayotgan bo‘lsa – Ctrl + Esc tugmachalar jamlanmasini bosasiz. Ochilgan boshlang‘ich menyu orqali gadjetni o‘chirib-yoqishni esa o‘zingiz bilasiz, faqat undan oldin ma’lumotlarni (masalan – Word’da yozilayotgan matnni) saqlab, ilovalarni o‘chirishingiz kerak.

Shuningdek, Alt + Tab yoki Win + Tab tugmachalar kombinatsiyalari orqali Windows ish stoliga o‘tishga ham harakat qilib ko‘rsangiz bo‘ladi.

4. Majburan o‘chirib-yoqish

Bu usul hamisha ish beradi, ammo bunda saqlab ulgurmagan barcha ma’lumotlar kuyib ketadi. Aksariyat kompyuterlarda majburiy o‘chirib-yoqish uchun maxsus «Reset» tugmachasi bor.

Noutbuklar korpusida bu tugmacha bo‘lmaydi, shuning uchun uni majburan o‘chirib yoqish uchun odatiy yoqish tugmachasidan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bunda ushbu tugmachani kamida besh soniya bosgan holda ushlub turish talab etiladi; ayni shu usulni desktop kompyuterlarda ham qo‘llash mumkin.

O‘QING: Windows 10’da istalgan shaklda skrinshot olishning uchta oson usuli

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!