Xiaomi Mi 11 hamda Mi 11 Pro: birinchi «jonli» surati va chiqish vaqti!

  •   DiMaX
  •  2571
  •  11.11.2020 16:50

Xiaomi Mi 11 hamda Mi 11 Pro: birinchi «jonli» surati va chiqish vaqti!

Qualcomm kompaniyasi tez orada Snapdragon 875 rusumli flagman protsessorini namoyish etishini rasman aytgan. Ushbu chipset bazasidagi ilk xitoycha smartfonlardan biri esa Xiaomi Mi 11 modeli bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi Mi 11 allaqachon Geekbench’da sinab ko‘rildi va u Snapdragon 875 sirlarini ham fosh etdi!

Digital Chat Station niki ostidagi xitoylik taniqli insayder Twitter tarmog‘ida yangi «jonli» rasm chiqardi. Garchi informatorning o‘zi unda aks etgan ikkita smartfonga izoh bermagan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar bularning Xiaomi Mi 11 hamda uning yanada ilg‘or versiyasi – Mi 11 Pro ekanligini aytishmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, standart Xiaomi Mi 11 modeli tekis ekranga ega; uning Pro-versiyasida esa displeyning yon qirralari qayrilma. Har ikkalasida ham old kamera uchun ekranning yuqori qismi o‘rtasida tirqish ochilgan. Ya’ni, avvalroq kompaniyaning Xiaomi Mi 10 Ultra superflagmanida ishlatib ko‘rsatilgan texnologiya – ekranosti kamera bu smartfonlarda qo‘llanmaydi.

O‘QING: Xiaomi flagmanlarida yashirin bir funksiya bor...

Digital Chat Station yuqoridagi suratga «Yil yakunida ko‘rishamiz» deya izoh qo‘shib e’lon qilgan. Ya’ni, ularning taqdimoti dekabrning oxirlarida bo‘lib o‘tsa kerak.

Yana bir taxmin – Xiaomi Mi 11 va Mi 11 Pro modellarini Snapdragon 875 bilan birga e’lon qilishadi, savdoga esa ular kelasi yil yanvarda chiqariladi.

Darvoqe, kuni kecha Xiaomi Mi 11 smartfonining Geekbench servisidagi test natijalarini Samsung Galaxy S21 hamda Huawei Mate 40 Pro flagmanlariniki bilan taqqoslab ko‘rsatgan edik.

O‘QING: Redmi K40 qaysi jihati bilan Xiaomi Mi 11’dan ham ilgarilab ketyapti?