Yana bir Xiaomi smartfoni barqaror global MIUI 10 bilan yuz skaneriga ega bo‘ldi!

  •   DiMaX
  •  2663
  •  02.11.2018 16:27

Yana bir Xiaomi smartfoni barqaror global MIUI 10 bilan yuz skaneriga ega bo‘ldi!

Joriy yilda smartfonsozlikda eng ommalashgan trendlardan biri «kemtik»li ekran, yana biri – yuzni tanish orqali qurilmani qulfdan chiqarish funksiyasidir. «Xitoycha Apple» ham mana shu kabi urflardan orqada qolmay kelayotir.

O‘QING: Xiaomi yana ikkita smartfoni kamerasini Mi Mix 3 darajasigacha kuchaytiryapti!

Xiaomi kompaniyasining «arzon flagman»i – Pocophone F1 o‘zi «o‘yiq»li displeyga ega edi. Kuni kecha unga barqaror MIUI 10 asosidagi barqaror proshivka bilan qiyofa skaneri funksiyasi ham joriy etildi. Shu paytgacha bunday imkoniyatdan ayrim hududlardagi Pocophone F1 egalarigina foydalanib kelishayotgan edi.

MIUI 10 proshivkasida interfeys yangilangan, jumladan – ekran tepasidan silab tushiriladigan, bildirishnomalar va so‘nggi ochilgan ilovalar aks ettiriladigan «pardacha» Android 9 Pie uslubida ishlangan. Biroq proshivkaning o‘zi Android 8.1 Oreo talqini asosida tayyorlangan.

Darvoqe, Xiaomi kompaniyasi ushbu smartfoni yaqinda taqdim etilgan OnePlus 6T flagmanidan aslo qolishmasligini, tag‘in arzon turishini e’lon qilgan. Bu bilan ham cheklanib qolmasdan, OnePlus 6T savdosi boshlanganida yana «qiliq ko‘rsatgan»...

O‘QING: Xiaomi’ning «masxaraviy» reklamasi: u OnePlus 6T xaridorlariga kalkulyator tarqatyapti!

Yangilangan MIUI 10 proshivkasiga ega bo‘lgach, Pocophone F1 tizimida tabiat tovushlari qo‘llanadi, ekranning pastki qismidagi standart tugmachalardan tashqari, displeydagi barmoq ishoralari orqali boshqarish rejimini ham yoqish mumkin. «Sun’iy idrok» esa egasining smartfondan foydalanishdagi odatlarini o‘rganib, har gal keyingi harakati uchun tayyorlanib turadi va natijada tezkorlik yanada oshadi.

Shuningdek, mazkur smartfon endi orqa fonni xiralashtirish orqali portret rejimida suratga olishni ham o‘rgangan – bunga dasturiy ta’minot orqali erishilgan.

Pocophone F1 uchun «havo orqali» turli hududlarga bosqichma-bosqich tarqatiladigan apdeyti 592 megabayt hajmga ega. Agarda uni kutishni istamasangiz, mana bu havola orqali proshivka faylini (1.6 gigabayt) yuklab olib, o‘zingiz o‘rnatishingiz ham mumkin. Ammo bu ish hamisha ham silliq kechavermasligi bois, avval smartfondagi barcha ma’lumotlar va sozlamalarning zaxira nusxasini yaratib olishni tavsiya etamiz.

Darvoqe, Pocophone F1 flagmanining doimiy xotirasi 64 gigabaytlik talqinini 2 549 000 so‘mga sotib olish, 128 gigabaytligini esa 2 899 000 so‘mga xarid qilish mumkin.

O‘QING: Terashop.uz’da arzonlashgan Xiaomi smartfonlari narxlari (2018 yil 30 oktyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!