2018 yil boshida eng ommalashgan 10 smartfon

  •   DiMaX
  •  6779
  •  08.01.2018 11:22

2018 yil boshida eng ommalashgan 10 smartfon

O‘tgan yilda mobil qurilmalar bozoriga ko‘plab yangi modellar taqdim etildi va ularning ayrimlari butun dunyo bo‘ylab juda ommalashdi. Ayni damda esa, yangi smartfonlar taqdimotlari arafasida bu bozorga e’tibor yanada oshgan. Bunga 2017 yilning oxirida va joriy oy boshida namoyish etilgan yangi modellar ham sababchi, albatta.

O‘QING: Top-10: 2017 yil so‘ngida dunyoda eng ommalashgan smartfonlar

7 yanvar kuni GSMArena resursi joriy yilning eng boshida ommabop bo‘lgan smartfon modellarining top-o‘ntaligini taqdim etdi. Bu ro‘yxatga, doimgidek, xaridorlar eng ko‘p qiziqish bildirgan qurilmalar kiritilgan.

Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning boshida dunyo bo‘yicha eng ommalashgan mobil qurilma Xiaomi Mi A1 ekan. U o‘ziga xos dizayni, hamyonbop narxi, «toza» Android va baquvvat texnik ta’minoti tufayli katta talab bilan xarid qilinmoqda.

O‘QING: Xiaomi va Google Mi A1'ni taqdim qildi: kamera iPhone 7 Plus'niki kabi

Buni qarangki, reytingning ikkinchi pog‘onasini ham Xiaomi’ning yana bir gadjeti egallagan – Redmi Note 5 fableti. Yanada qizig‘i – bu model savdoga chiqish tugul, hali rasman namoyish etilgani ham yo‘q! Yaqin 2–3 oy ichida namoyish etilishi rejalashtirilgan bu smartfon Redmi 5 Plus modeliga nisbatan baquvvat texnik ta’minoti, shuningdek, qo‘shaloq asosiy kamerasi bilan e’tiborga loyiq.

O‘QING: Redmi Note 5 ilk «jonli» suratda: metall korpus va qo‘sh kamerali!

Uchinchi o‘rinni telefonsozlikdagi «qadimiy» brendning kuni kechagina taqdim etilgan Nokia 6 (2018) rusumli devaysi band etgan. U hamyonbop narxi hamda o‘z «ajdod»iga nisbatan ilg‘or texnik jamlanmasi bois qiziqishlarga sabab bo‘layotir.

Mazkur qurilma 2018 yilning eng ko‘p sotiladigan smartfonlaridan biri bo‘lishi ham mumkin, ammo bungacha hali vaqt bor. Zero, ushbu telefon hozircha – 10 yanvardan faqat Xitoy bozoriga taqdim etilmoqda, jahon smartfon bozoriga u kamida ikki oydan so‘ng chiqariladi.

O‘QING: Rasmiy: yangi avlod Nokia 6 smartfoni taqdim qilindi

Ro‘yxatning to‘rtinchi qatorida, nihoyat, zamonamizning yetakchi texnogigantlaridan birining smartfoni qayd etilgan – Samsung Galaxy J7 Pro! Bu gadjet AMOLED-ekrani, o‘ziga xos dizayndagi metall korpusi va boshqa xususiyatlari bilan rom etadi.

O‘QING: Samsung Galaxy J7 Pro: kunning innovatsion «kashfiyoti»

Kuchli beshlikni Xitoyning eng ko‘p qurilma sotayotgan smartfonsozlaridan birining Oppo F5 modeli yakunlab bergan. Bu devays ekranining tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lib, mazkur displey korpusning old tomonini deyarli to‘liq egallaydi.

Shu bilan birga, selfi-kamera uchun tanlangan 20 megapikselli modul avtoportret uchun ayni muddao. Chunki, bu kameraning portret rejimi «aqlli tizim»ga ega bo‘lgan va bu tizim surat sifatini to‘liq qayta ishlaydi. Selfi olganda ekranning o‘zi old fotochaqnoq vazifasini bajaradi.

O‘QING: 20 Mp selfi-kamerali Oppo F5 taqdim qilindi. Ilk selfilar olishga ham ulgurishdi.

Oltinchi o‘rinda yana tanish brendga ko‘zimiz tushadi – Xiaomi Redmi 5A. Qisqacha aytganda, 100 dollarlik smartfonlar orasida bu model kabi suratkash devaysni topish imkonsiz.

O‘QING: Xiaomi Redmi Note 5a — "Malika"dagi eng arzon kamerafon!

Reytingning yettinchi pog‘onasini, nihoyat, flagman smartfon egallagan – Samsung Galaxy Note 8. Bu qurilma mazkur ro‘yxatdagi eng qimmat model ekanligi bilan ham ahamiyatli. Zero, u o‘zining baquvvat texnik ta’minoti, kuchli jihatlari bilan shu narxiga arziydi ham!

O‘QING: Ring: Galaxy Note 8'ning iPhone X'ga yo‘nalgan 6 ta aniq zarbasi

Sakkizinchi o‘rinni... Redmi Note 4 fableti band etgan (ha, yana Xiaomi!). Umuman olganda, Note 4 – xitoylik korporatsiyaning navbatdagi xit mahsuloti. Axir, bunday past narxga bu qadar yuqori xususiyatlarga ega smartfonni har kim ham taklif qilavermaydi-da!

O‘QING: Redmi Note 4 – yaxshi va arzon smartfon hammaga yetadi!

Ro‘yxatning to‘qqizinchi qatorida yaqindagina namoyish etilgan va allaqachon sotuvga chiqarilgan Samsung Galaxy A8 (2018) egallagan.

Qisqa fursatda katta qiziqish uyg‘otgan Galaxy A8 (2018) hamda Galaxy A8+ (2018) smartfonlari o‘rta narxli bo‘lsa-da, nihoyatda ko‘rkam va serhasham! Ayniqsa, chetidan-chekkasigacha Infinity Display hamda 2 sensorli old kamera tizimi yangi modellarning o‘ziga xos jihatlari bo‘lgan.

O‘QING: Romsiz Galaxy A8 va A8+ (2018) sotuvga chiqarildi

Oxirgi o‘rindan Samsung’ning roppa-rosa bir yil avval taqdim etgan Galaxy S8 flagmani joy olgan. Mazkur model hozirgacha dunyoning ko‘plab mamlakatlarida katta talab bilan xarid qilinayotir.

O‘QING: Samsung Galaxy S8: hozircha shundan yaxshisi yo‘q

Aytish kerakki, mazkur ro‘yxatda tilga olingan va hozirda sotuvda bo‘lgan modellarning aksariyati O‘zbekiston smartfon bozorlarida ham topiladi. Shuningdek, smartfon, planshet yoki boshqa elektrotexnika tovarlarini onlayn xarid qilish imkoni ham mavjud.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!