Boshlandi: ayolning sumkachasida yap-yangi Galaxy Note 9 yonib ketdi

  •   DiMaX
  •  1318
  •  17.09.2018 13:14

Boshlandi: ayolning sumkachasida yap-yangi Galaxy Note 9 yonib ketdi

Janubiy koreyalik gigantning Galaxy Note 7 fabletlari ommaviy tarzda tutab, yonib va hatto portlab ketishi sababli qaytarib olinganidan xabaringiz bor. Kompaniyaning keyingi ayrim smartfonlarida ham, kam hollarda bo‘lsa-da, shunga o‘xshash voqealar kuzatilgan.

O‘QING: Smartfon portlashidan qo‘li va yuzi mayib bo‘lgan qizchaning oilasi Samsung’dan 250 000 dollar talab qilmoqda

Kuni kecha AQShda shunga o‘xshash yana bir holat qayd etilgan: ko‘chmas mulk agenti Dayan Chang (Diane Chung) janubiy koreyalik korporatsiya ustidan sudga ariza berdi. Uning ta’kidlashicha, joriy yilning 3 sentyabrida uning sumkasida yotgan Galaxy Note 9 smartfoni o‘z-o‘zidan yonib ketgan.

Chang xonim liftda ketayotib smartfondan foydalanayotganida, uning birdaniga «isib ketgani»ni payqagan. Shunda u telefonda gaplashishni to‘xtatib, uni sumkasiga solgan. Ammo oradan sal vaqt o‘tib, sumka ichidan g‘alati ovozlar va quyuq tutun chiqayotganini sezgan.

O‘QING: Galaxy Note 9’dagi nuqsonni Samsung tan olmadi!

Arizada ko‘rsatilishicha, sumkasidagi barcha narsani smartfon bilan birga lift poliga to‘kkan. Telefon yonishda davom etayotganini ko‘rgan boshqa bir tasodifiy yo‘lovchi uni o‘z kiyimiga o‘rab ko‘tarib olgan va suvli chelakka solgan.

Ishlab chiqaruvchi bu masala yuzasidan bayonot berib, jumladan, shunday degan:

«Samsung iste’molchilarning xavfsizligiga juda jiddiy yondashadi va biz AQShda foydalanishda bo‘lgan millionlab Galaxy qurilmalarining sifatiga kafolat beramiz. Biz shu paytgacha Galaxy Note 9 bilan bog‘liq birorta ham bu kabi noxush voqea haqida hech bir xabar olmagandik va hozir vaziyatni o‘rganmoqdamiz».

O‘QING: Batareyalarning portlashi: sabab va oqibatlari, himoyalanish usullari