Ilon Mask shu yiliyoq odamlarni kiborgga aylantira boshlaydi! (+video)

  •   DiMaX
  •  3614
  •  11.05.2020 16:58

Ilon Mask shu yiliyoq odamlarni kiborgga aylantira boshlaydi! (+video)

Inson miyasi hamda kompyuterni o‘zaro bog‘lab qo‘yish texnologiyasini rivojlantirayotgan Neuralink kompaniyasi ham Ilon Maskka tegishli. Yaqinda taniqli teleboshlovchi Jo Rogan dasturida qatnashgan biznesmen bu bordagi amaliy natijani shu yiliyoq ko‘rsatishga so‘z berdi.

O‘QING: Neuralink odamni kiborgga aylantirmoqchi – bu qanchalar xavfli?

Neuralink texnologiyasiga ko‘ra, neyronlarni stimullash uchun o‘ta nozik elektrodlar bevosita miyaga implantatsiya qilinadi. Kompaniya bu tadqiqot ustida to‘rt yildan buyon ishlab kelmoqda. Hozirgacha mazkur texnologiyani maymunlar va sichqonlarda muvaffaqiyatli sinab ko‘rishgan, endi esa odamlarga, shu yilning o‘zidayoq tatbiq etishmoqchi.

Mazkur protsedura tananing ba’zi a’zolarida orqa miya jarohati tufayli yuzaga keladigan falajlikni davolashda qo‘llanadi. Maskning fikricha, agar hammasi ko‘ngildagidek chiqsa, ushbu texnologiya miyani sun’iy idrok bilan sinxronlashtiradi.

O‘QING: Fikr kuchi orqali muloqot qilishni qachon boshlaymiz?

 «...Biz bosh chanog‘ining bir qismini kesib, u yerga Neuralink qurilmasini o‘rnatamiz, keyin esa elektrod tolalari ehtiyotkorlik bilan miyaga ulanadi. Keyin esa hammasi tikib qo‘yiladi. Qurilma miyaning istalgan qismi bilan o‘zaro ta’sirlana oladi va yo‘qotilgan ko‘rish imkoniyatini yoki qo‘l-oyoqlar harakatini tiklaydi», – deydi Ilon Mask.

Neuralink rahbarining ta’kidlashicha, chipning o‘lchami pochta markasidan katta bo‘lmaydi. «Yarasi bitib ketganidan so‘ng kishiga chip o‘rnatilganini hech kim payqamaydi ham», – deydi u.

«Mazkur texnologiya ko‘plab xastaliklarni davolashda yordam berishi mumkin. Masalan, insult asoratlarini bartaraf etish, ya’ni muskullar ustidan nazoratni qayta o‘rnatish mumkin. Neuralink hatto Alsgeymer kasalligida xotirani tiklashga ham yordam beradi», deya ta’kidlaydi Ilon Mask.

O‘QING: Xodimlariga mikrochip o‘rnatayotgan real kompaniya

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, yakuniy versiyada chip Bluetooth yordamida bog‘lanadigan bo‘ladi. Bu esa falajlangan kishilarga ham kompyuter, smartfon yoki o‘z protezlarini boshqarish imkonini beradi.

Bulardan tashqari, Ilon Mask va’da berishicha, Neuralink kelajakda kishilar uchun so‘zlar ishtirokisiz, telepatiya yordamida o‘zaro muloqot qilish imkonini yaratadi. Uning prognozlariga ko‘ra, agar texnologiyalar rivoji shu yo‘sinda davom etsa, yaqin 5–10 yillarda bunga erishish mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Robotlar uchun teri yaratildi – endi ular seza olishadi! (+video)