Muddat tugadi: Telegram’ni bloklash uchun sudga ariza topshirildi

  •   DiMaX
  •  1818
  •  06.04.2018 14:26

Muddat tugadi: Telegram’ni bloklash uchun sudga ariza topshirildi

Xabaringiz bor – Rossiya Federatsiyasining Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasi nazorati bo‘yicha federal xizmati – Roskomnadzor mamlakat hududida Telegram messenjerining faoliyatini to‘xtatishni talab qilib chiqqan. Aniqrog‘i, u messenjerning shifrlash kalitlarini Rossiya Federatsiyasi federal xavfsizlik xizmati (FSB)ga berishini so‘ragan, bu talab rad etilgan taqdirda uni bloklashini aytgan.

O‘QING: Telegram’ni bloklashmoqchi, vaziyat jiddiy!

Ushbu masala bo‘yicha mojarolar davom etib, keyinchalik Telegram kompaniyasi messenjerning shifrlash kalitlarini topshirish texnik jihatdan imkonsiz ekanini aytgan. Buning sababi shundaki, mazkur kalitlar bevosita millionlab foydalanuvchilarning o‘z qurilmalarida saqlanadi, yozishmalar esa qismlarga bo‘linib, turli mamlakatlardagi serverlarga joylashtirilgan.

Xullas, Telegram kompaniyasiga berilgan muddat 5 aprel kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Bugun – 6 aprelda Roskomnadzor poytaxtning Tagansk rayon sudiga murojaat etib, Rossiya hududida messenjerni bloklash talabi aks etgan arizani topshirgan. Arizaga ko‘ra, Telegram Rossiya Federatsiyasi Oliy sudining qaroriga befarqlik qilib, foydalanuvchilar xabarlarining shifr kalitlarini FSBga topshirmagan.

Telegram ayni damda mamlakat Oliy sudi qarori yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga shikoyat jo‘natgan. Aftidan, bu chora Rossiyada messenjerning bloklanishiga to‘sqinlik qila olmaydi, deyishmoqda kuzatuvchilar.

Lekin tashvishlanishga hojat yo‘q – agarda Telegram bloklansa ham, unga iOS yoki Android-smartfondan kirish yo‘llarini mana bu, kompyuter va noutbuklar orqali kirish usullarini esa mana bu havolalar orqali o‘tib, o‘rganib olishingiz mumkin.

O‘QING: Telegram faoliyati tiklandi. Uning ishlamay qolishida Roskomnadzorning aybi bormi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.