Nubia Red Magic 5G sotuvga chiqdi: 144 Gs ekran va 16 GB «operativka»li ilk smartfon!

  •   DiMaX
  •  2709
  •  13.03.2020 16:10

Nubia Red Magic 5G sotuvga chiqdi: 144 Gs ekran va 16 GB «operativka»li ilk smartfon!

ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasi o‘yinbop smartfonlarining navbatdagi avlodi – Red Magic 5G modelini taqdim qildi. Bu o‘sha – Xiaomi korporatsiyasi «Sayyoramizdagi eng qudratli smartfon» deya maqtagan Black Shark 3 geymerofonini AnTuTu’da tor-mor etgan qurilmadir.

O‘QING: Black Shark 3 bilan birga Black Shark 3 Pro ham namoyish etildi: bunaqa texnologiyalar boshqa birortasida yo‘q!

Geymerlar uchun xazina!

Nubia Red Magic 5G o‘yinlarga moslashtirilganligi bois, birinchi navbatda uning shu jihatlariga e’tibor qaratsak. Geymerlarga uning 6,65 dyuymlik AMOLED-displeyi ma’qul kelishi aniq. Ekranning tasvir aniqligi FHD+ formatida (2340x1080 piksellik). Bu – kadr yangilanish chastotasi 144 gerslik ilk smartfondir.

Qurilmaning korpusi orqasi o‘yinlar uslubida ishlangan bo‘lib, RGB-chiroqlar bilan ta’minlangan.

Nubia Red Magic 5G qizib ketmasligi uchun unda murakkab Turbo Fan 3.0 sovitish tizimi qo‘llangan. Mazkur tizim radiator kamerali haqiqiy ventilyatorni o‘z ichiga oladi – u daqiqasiga 15 ming martalik tezlikda aylanadi.

Unga «L» shaklidagi suyuqlikli sovitish naychasi, smis folga, grafit va issiqlikni haydovchi gel ham yelkadosh bo‘ladi. Natijada smartfon o‘yinlar jarayonida ham, quvvatlashda ham aslo qizib ketmaydi.

Geymerofonning yana bir o‘ziga xosligi – korpusining qirralaridagi triggerlardir: ular 300 gerslik chastotada ishlaydi.

Texnik jihatlari bo‘yicha rekordchi!

Nubia Red Magic 5G beshinchi avlod uyali aloqa standartini qo‘llab-quvvatlovchi X55 modemni o‘z ichiga olgan eng ilg‘or – Snapdragon 865 protsessoriga tayanadi. Uning tezkor xotirasi yangicha – LPDDR5 toifali bo‘lib, 8/12/16 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Doimiy xotira sifatida esa 128 dan 256 gigabaytgacha hajmli UFS 3.0 saqlagichlari qo‘llangan.

Smartfonning akkumulyatori 4500 mAsoatlik tok sig‘imiga va 55 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

Uning bosh kamerasi uchtalik: asosiy modul sifatida 64 megapiksellik Sony IMX686 datchigi qo‘llangan. Unga 8 megapiksellik keng burchakli hamda 2 megapiksellik makros’yomka sensorlari hamrohlik qiladi.

Old kamera ekranning tepasidagi nozik romga joylangan va 8 megapiksellik yaka sensordan iborat.

Nubia Red Magic 5G yana ekranga joylangan daktiloskop, Wi-Fi 6, uchta mikrofon, 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi hamda Android 10 operatsion tizim talqini bilan ham maqtana oladi.

Narxiga kelsak...

Kompaniya yangi avlod «Qizil jodu»ni uch xil ranglardagi korpuslarda taklif etadi: Black (qora), Mars Red (qizil) hamda Cyber Neon (qizil-moviy). Bulardan tashqari, orqa paneli shaffof bo‘lgan Transparent Edition versiyasi ham bor – unisi sanoqli miqdorda chiqadi.

Nubia Red Magic 5G uchun oldindan buyurtma berish Xitoyda allaqachon boshlangan, xalqaro bozorga esa uni aprelda chiqarishadi. Narxlari esa mahalliy bozorda quyidagicha:

Red Magic 5G 8/128 GB – $540

Red Magic 5G 12/128 GB – $585

Red Magic 5G 12/256 GB – $625

Red Magic 5G 16/256 GB – $712

Red Magic 5G Transparent Edition 12/256 GB – $655

Red Magic 5G Transparent Edition 16/256 GB – $740

Ushbu qudratli flagman haqida Nubia rasmiy saytida (xitoychada) ma’lumotlar va suratlari berilgan.

O‘QING: 2020 yilning eng, eng, eng... smartfoni namoyish qilindi: «jonli» rasmlar va video!