Samarqandda Smart-muzey ochildi – u Markaziy Osiyoda yagona!

  •   DiMaX
  •  1272
  •  18.04.2019 17:24

Samarqandda Smart-muzey ochildi – u Markaziy Osiyoda yagona!

Markaziy Osiyodagi ilk Smart-muzey Samarqanddagi Amir Temur maqbarasida ochildi. Bu to‘g‘rida Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda.

O‘QING: Samarqandda innovatsion svetofor o‘rnatildi – uni piyodalar boshqaradi!

«Aqlli» muzeyda eksponatlar haqida ma’lumotni audiogid yordamida bilish mumkin bo‘ladi. Ayni paytda u o‘zbek, rus, ingliz, fransuz va koreys tillarida ma’lumot taqdim etadi.

Loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan amalga oshirildi. Joriy yilning yanvar oyida mamlakatimiz rahbarining Samarqandga tashrifi davomida mazkur tizim taqdim etilgan bo‘lib, Sh.Mirziyoyev uni mamlakatimizning barcha yirik tarixiy obidalarida joriy qilishni taklif qildi.

Mazkur loyiha 2018 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizm davlat qo‘mitasi va «SmartChain» MChJ o‘rtasida imzolangan to‘rt tomonlama memorandum doirasida amalga oshirildi.

Muzeyga tashrif buyuruvchilar zamonaviy interaktiv vositalar yordamida eksponat yoki maqbara haqida qo‘shimcha ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Texnik imkoniyatlar yordamida o‘tmishga «sayohat qilish» yoki tarixiy sahnalarni gavdalantirish mumkin. Muzeydagi maxsus belgi mavjud bo‘lgan eksponatlarga smartfonni yaqinlashtirib, u haqidagi hikoyani tinglash mumkin. Shuningdek, tarixiy muhitga sho‘ng‘ish uchun tarixiy xronikalardan iborat videolavhalar yaratilgan.

O‘QING: Zamonaviy san’at: London muzeyida Angliya qirolichasi yuzini aks etgan robot paydo bo‘ldi

Nazzar – innovatsion ilova bo‘lib, istalgan materialni to‘ldirilgan reallik elementlari bilan boyitishi mumkin. Smartfoningizni NazzAR belgisiga yo‘naltirarkansiz, mobil qurilma ekranida real ob’yektning tasviri chiqib, u turli effektlar bilan to‘ldirilgan bo‘ladi. Foydalanuvchi o‘z smartfoniga Android va iOS qurilmalari uchun ishlab chiqilgan NazzAR ilovasini o‘rnatishi lozim.

Ziyoratchilar uchun Amir Temur majmuasining interfaol xaritasi yaratilib, u oddiy xaritaga qaraganda interfaol imkoniyatlarga ega. Xususan, smartfonni xaritaning ma’lum qismlariga qaratganda uning ekranida yodgorlikning 3D modeli gavdalanadi. Shunday qilib, xarita muzey bo‘ylab ajoyib sayohatning bir qismiga aylanadi.

Yaqin kelajakda huddi shunday muzey Xivada ham ochilishi ko‘zda tutilgan.

O‘QING: Dunyodagi 10 ta eng aqlli shahar

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!