Windows 10’dagi maxfiy Mixed Reality funksiyasini faollashtiramiz

  •   DiMaX
  •  1535
  •  24.04.2017 12:10

Windows 10’dagi maxfiy Mixed Reality funksiyasini faollashtiramiz

Avvalgi xabar va maqolalarimizda virtual borliq (virtual reallikVR), to‘ldirilgan reallik, panoramali 360-video kabilar haqida ma’lumotlar berganmiz. Bularga qiziquvchilar endi shularga o‘xshash – aralash reallik imkoniyatlarini Windows 10 tizimidayoq sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ldi!

Microsoft kompaniyasi allaqachondan beri aralash borliq (Mixed Reality) sohasida ishlar olib borayotgan edi. Bu haqda shu paytgacha kompaniyaning taqdimotlarida namoyish etilgan chiroyli videoroliklar va slaydlar orqali kam-kamdan guvoh bo‘lib kelayotgan edik. Endi esa mazkur qiziqarli virtual olamni «o‘z qo‘llarimiz bilan paypaslab» ko‘rishimiz imkoniyati tug‘ildi.

Windows’ning yaqinda chiqqan Creators Update yangilanishida Mixed Reality’ni faollashtirish uchun kerakli hamma narsa bor. Biroq sukut bo‘yicha bu funksiyalar yashirib qo‘yilgan.

Hechqisi yo‘q, yashirin imkoniyatlarga qiziquvchilar uchun mazkur funksiyalarni faollashtirish sirlarini baham ko‘ramiz:

  1. Windows parametrlarining sozlamalarini oching.

  1. Yangilanish va xavfsizlikni anglatuvchi «Obnovleniye i bezopasnost» bo‘limiga kiring. U yerda dasturchilarga mo‘ljallangan «Dlya razrabotchikov» varaqasiga o‘ting va «Rejim razrabotchika» bandini belgilang.

  1. Amalga oshirilgan o‘zgartirishlarga roziligingizni tasdiqlang.

  1. Windows 10 qidiruv satrini oching va Mixed Reality so‘rovini kiriting.

  1. Mixed Reality Portal ilovasini ishga tushiring. Birinchi ochilishida u kerakli fayllarni internetdan yuklab oladi, shu bois ozroq kutishga to‘g‘ri keladi.
  2. Boshlang‘ich ekranning pastki chap burchagidagi Set up simulation (for developers) tugmachasini bosing. Qalqib chiqqan oynada o‘z tanlovingizni tasdiqlang.

  1. Endi Mixed Reality Portal ilovasi ishga tushishi kerak. Ammo hali uni simulyasiya rejimiga o‘tkazish zarur bo‘ladi, chunki, virtual borliq uchun to‘laqonli shlem sizda bo‘lmasa kerak. Buning uchun esa pastki chap burchakdagi, otvyortka surati tushirilgan tugmachani bosing va ilovaning sozlamalarini oching.

  1. Ochilgan panelda Simulation o‘chirib-yoqish tugmachasini faollashtiring.

Shundan keyin Mixed Reality Portal ilovasi sizga Windows 10’ning virtual interfeysini ko‘rsatadi. U qandaydir kottejning ichki hovlisiga o‘xshab ketadi. Uning markazida – shundoqqina havoda muallaq holda asosiy menyu turibdi. U orqali dasturlarni, masalan – brauzer, suratlarni ko‘rish ilovasi, ilovalar do‘koni kabilarni ishga tushirish mumkin.

Atrofni tomosha qilish uchun kursor (yuqoriga, pastga, chapga, o‘ngga) klavishlaridan, virtual xonalar bo‘ylab harakatlanish uchun esa WASD-klavishlardan (klaviaturadagi shu harflar joylashgan tugmachalardan) foydalaning. To‘g‘ri, boshqarish noqulay, ammo unutmang, bu baribir simulyator, axir. Tasvirning sifati va harakatlar tezkorligi ko‘p hollarda kompyuterning, ayniqsa videokartaning imkoniyatlariga bog‘liq.

Agarda aralash borliq funksiyasini o‘z kompyuteringizdan o‘chirishni istab qolsangiz, u holda tizim parametrlarini oching. Bu yerda yangi – o‘zimizga kerakli «Smeshannaya realnost» bo‘limiga ko‘zingiz tushadi. Aynan shu yerda Windows Mixed Reality’ni o‘chirish tugmachasi joylashgan.

Sizga Windows xonalari bo‘ylab yoqimli sayohat tilaymiz!