Xiaomi Mi 6C – flagmanning hamyonbop «qo‘shko‘z» talqini chiqariladi

  •   DiMaX
  •  2245
  •  16.10.2017 10:35

Xiaomi Mi 6C – flagmanning hamyonbop «qo‘shko‘z» talqini chiqariladi

Internetda Xiaomi kompaniyasining yangi smartfoni haqida ma’lumotlar va uning surati chiqdi. Bu – Mi 6 flagmanining nisbatan «ixchamroq» va hamyonbop versiyasidir, deb yozadi GizmoChina.

Xiaomi Mi 6C deb nomlangan ushbu qurilma kompaniyaning o‘z protsessori o‘rnatilgan ikkinchi smartfonidir. Bunaqa birinchi gadjet –  Xiaomi Mi 5C modeliga Surge S1 chipseti o‘rnatilgan bo‘lsa, yangi model esa uning ikkinchi avlodi – Surge S2 bazasida ishlaydi. U haqda hozircha aniqlangan ma’lumotlar shulardan iboratki, yangi protsessor 16 nanometrlik texnik jarayonga qurilgan bo‘lib, ikki klasterdagi sakkizta yadrodan iborat: 2,2 GGs chastotada ishlovchi to‘rtta Cortex-A73 hamda 1,8 GGs chastotali to‘rtta Cortex-A53 yadrolari. Grafik tezlatgich sifatida esa Mali-G71MP2 chipi tanlangan.

Yangi smartfon tashqi ko‘rinishi ham bitta avlod oldingi flagmanning «yengil» talqini bo‘lmish Xiaomi Mi 5C modeliga o‘xshashroq. Ya’ni, Mi 6C qurilmasi ham tepa va pastki qismlarida shisha o‘rnatmalari mavjud bo‘lgan metall korpusga joylangan. Displey atrofidagi romlari biroz yupqalashgan, daktiloskopik skaner esa old paneldagi «Uyga» tugmachasida qoldirilgan. Ammo ekran yangi trendga mos tarzda ishlangan – uning tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda.

Shuningdek, Xiaomi Mi 6 flagmanidagi kabi, uning «ukasi»da ham quloqchin uchun 3,5 millimetrlik tirqish bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda.

Mi 6C asosiy kamerasi qo‘sh ob’yektivga ega – unga 12 va 5 megapiksellik ob’yektivlar o‘rnatilgan. Bunda ikkinchi modul fotosuratlarda tasvirning chuqurligini kuzatish hamda orqa fonni dasturiy ta’minot asosida xiralashtirish uchun qo‘llanadi. Old kamera xususiyatlari haqida hozircha ma’lumotlar chiqmagan.

Hozircha Xiaomi Mi 6C’ning taqdimot sanasi aniq emas, ammo uning narxi xususida ma’lumot bor – flagmanning «ukasi»ga 1699 yuan (taxminan 258 AQSh dollari) narx belgilangan.

Xiaomi Mi 6C modelining ayrim xususiyatlari:

  • Displey: 5,15 dyuymlik Full HD;
  • Protsessor: Surge S2;
  • Xotira: 4 yoki 6 GB tezkor hamda 64 yoki 128 GB doimiy;
  • Kamera: asosiy – 12+5 Mp.

Aytish kerakki, GFXBenh benchmarkida Xiaomi’ning ishchi nomi «Jason» bo‘lgan yangi smartfon haqida ham ma’lumotlar aniqlangan va u Mi 6C deya taxmin qilingan edi; biroq uning xususiyatlari sal boshqacharoq. Shuningdek, «Bo‘ydoqlar kuni»ga Xiaomi Mi6’ning «yengil» talqini ham chiqayotgani haqida xabar berganmiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!