Apple Tim Kukning xayolini o‘g‘irlagan sirli texnologiyaga millionlarni tikmoqda

Apple Tim Kukning xayolini o‘g‘irlagan sirli texnologiyaga millionlarni tikmoqda

Tim Kuk 2011 yilda Apple Inc.’ning rahbariga aylanganidan buyon ko‘plab texnologik g‘oyalarni ilgari surib kelmoqda. Haydovchisiz mashina, sun’iy aql, televizion uzatish. Ammo, Tim ulardan hech biriga “to‘ldirilgan voqelik”kachalik kirishmagan. Tim Kukning bu yangiligi real sharoitni surat, video, ma’lumot va o‘yinlar bilan to‘ldirishni va’da qilmoqda. Tim “AR”, “augmented reality”, ya’ni “boyitilgan” yoki “to‘ldirilgan” voqelikni go‘yoki ovqat tanovul qilishdek muhim kundalik zaruratlardan biriga aylantirmoqchi.

Apple buning uchun 100 dan oshiq eng iqtidorli apparat va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari, Oculus va HoloLens virtual voqelik texnologiyalari ijodkorlarini, 3D o‘yinlar ishlab chiqaruvchilaridan iborat jamoani shakllantirgan. AR-ko‘zoynaklari masalasida 2014 yilda shov-shuv bo‘lgan Google Glass ko‘zoynaklari taqdirini ham unutmaslik kerak. Hozircha Google bu masalada aniq bir yangilik qila olgani yo‘q.

Bloomberg nashrida yozilishicha, Apple AR texnologiyasi uchun ayfon smartfonlariga simsiz ulanadigan raqamli ko‘zoynaklarni ixtiro qilish bilan band. Bu kashfiyot foydalanuvchiga film, video kontent va xaritalarni ko‘rishga yordam beradi.

Kelajakda AR’ga ega iPhone atrof-muhitni anglash, bu to‘g‘rida foydalanuvchiga ma’lumot beradi, misol uchun kamerasi yordamida biror noma’lum o‘simlikni skaner qilib, u to‘g‘ridagi ma’lumotlarni Wikipedia kabi elektron nashrlardan topib beradi. Ma’lumotlar ekran yoki “aqlli ko‘zoynak”da namoyish etiladi. Ayniqsa, texnologiya sayyohlarga me’moriy obidalar to‘g‘risida, ularning joylashgan joylari haqida xaritada ma’lumot beradi.

Global Market Insights tadqiqotlar kompaniyasining ma’lumot berishicha, 2024 yilga kelib “to‘ldirilgan voqelik” texnologiyasi bozori 80 foizga oshib, uning mablag‘ aylanmasi 165 mln. dollarni tashkil etadi. Istiqbolda ayfonlarda tatbiq etiladigan bu texnologiya brendning bozordagi o‘rnini mustahkamlash uchun zarur.

AR texnologiyasi ko‘pchilik uchun yaxshi tanish bo‘lgan VR (virtual voqelik) texnologiyasining “amakivachchasi”. Virtual voqelik foydalanuvchini tamoman “soxta” bo‘lgan virtual olamga olib kirsa, AR real olamni virtual jihatlar bilan to‘ldiradi. Tim aynan shuning uchun ham kelajakda virtual emas, to‘ldirilgan voqelik texnologiyasiga ehtiyoj oshishiga ishonadi.

Apple iPhone’ning kamerasiga joriy qilgan maxsus ilova yuz-qiyofani tanishi, ob’yektlarni aniqlash, atrof-muhitning xaritasini tuzish va boshqa muhim jihatlarga ega bo‘ladi. Ammo bu g‘oyani amalga oshirish oson emas. Buning uchun zarur media mahsulot, ilovalar ishlab chiqarish kerak bo‘ladi. Ayniqsa, ixchamlikni xush ko‘radigan kompaniya uchun. Modomiki, kelajakda ayfonlar “to‘ldirilgan voqelik” ko‘zoynaklari uchun 3D sig‘imli video oqim yetkazib berishi kerak ekan, o‘z navbatida smartfon ham katta quvvatga muhtoj bo‘ladi.

Apple Watch yaratilayotganda ham kompaniyadan va tashqaridan jalb qilingan ilg‘or mutaxassislar hamkorlikda ishlashgan.  To‘ldirilgan voqelik texnologiyasi rivoji uchun ham Apple 2015 yilda Dolby kompaniyasida ishlab kelgan taniqli ekspert Mayk Rokvelni va AR ko‘zoynaklarini ishlab chiqaruvchi Meta firmasi bilan hamkorlik o‘rnatdi.

Apple, shuningdek yangi texnologiyaga mo‘ljallangan 3D video mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun Amazon’ning Lumberyard virtual voqelik platformasi yetakchi muhandisi Kodi Vayt, taniqli dasturchi Dunkan Makrobertsni, Oculus tadqiqotchisi Yuriy Petrov, HoloLens va Google Earth loyihalari muhandisi Avi Bar-Zivni ishga yollagan.

Apple iPhone’ning kamera imkoniyatlari va to‘ldirilgan voqelik ko‘zoynagining optik linzalarini takomillashtirish uchun nufuzli texnologlarni jalb qilgan. Shuningdek, King Kong, Avatar kabi taniqli filmlarning 3D animatsiyalarini tayyorlagan Weta Digital, Metaio, Magic Leap kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolagan.

iPhone’da AR texnologiyasi bilan bog‘liq surat olgandan so‘ng uning bosh nuqtasini belgilash, muayyan ob’yektlarni ajratish va uning holatini o‘zgartirish, virtual ob’yekt va effektlar orqali suratlarni boyitish bilan PrimeSense kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Deylik, “Toshkent” teleminorasiga kelgan sayyoh minorani maxsus ilova orqali skaner qilib, o‘z qarashlarini bayon etsa, bu ilovaga ega boshqa sayyohlar ham keyinchalik minorani suratga olganlarida avvalgi munosabatlarni kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.

Apple bu gal boshqalarning bu texnologiyaga pul tikib, nimaga erishishlariga qarab harakatlanish siyosatidan voz kechdi va “to‘ldirilgan voqelik”ka ayamasdan pul tikmoqda. 2018 yildan Apple’ning “to‘ldirilgan voqelik” texnologiyasi bizga “sehrli” ko‘zoynak orqali to‘lovlarni amalga oshirish, elektron xaritalarni ko‘rish, filmlar tomosha qilish, o‘yinlar o‘ynash va hayotni yanada qulaylashtirish mumkin bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.