OnePlus 8 hamda 8 Pro taqdim etildi: o‘zaro jiddiy farqlanuvchi flagmanlar!

  •   DiMaX
  •  3651
  •  15.04.2020 10:14

OnePlus 8 hamda 8 Pro taqdim etildi: o‘zaro jiddiy farqlanuvchi flagmanlar!

«Aslo qotmas» shioriga mos smartfonlari bilan tanilgan xitoylik kompaniya o‘zining sakkizinchi avlod modellarini namoyish qildi. Oldingilaridan farqli ravishda, bu gal OnePlus 8 va OnePlus 8 Pro modellarining texnik xususiyatlarida o‘zgachaliklar o‘ta katta.

O‘QING: Xitoyliklar naq 13 yo‘nalishda rekordchi flagmanni rasmiy videoda ko‘rsatishdi

Har ikkala modelda old kamera displeydagi tuynukka o‘rnatilganini aytmasa, yangi smartfonlarning dizayni kompaniyaning avvalgi flagmanlaridan farq qilmaydi. OnePlus 8 Pro modelini ishlab chiqaruvchining ideal smartfoni deyish mumkin – u nihoyat simsiz quvvatlash (o‘ziyam naq 30 vattlik!) texnologiyasiga hamda IP68 standartidagi himoyaga ega. «Oddiy» OnePlus 8 modelida esa bularning birortasi yo‘q.

OnePlus 8 Pro ekranining o‘lchami diagonaliga 6,78 dyuymni tashkil etadi, unda kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik. Displey tasvir aniqligi 3168x1440 piksellik, maksimal yorqinligi 1300 kd/m2, yana HDR10+ rejimini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning «ini»si – OnePlus 8 esa oddiyroq displeyga ega: diagonaliga 6,55 dyuymlik, aniqligi 2400x1080 piksellik, kadr yangilanish chastotasi 90 gerslik, maksimal yorqinligi – 1100 kd/m2.

Kamera borasida ham ikkita flagman o‘zaro katta farqlarga ega. OnePlus 8 Pro bosh kamerasi to‘rttalik: asosiy modul sifatida 48 megapiksellik, optik formati 1/1,4 dyuym bo‘lgan Sony IMX689 tanlangan. Uning yonida yana bitta 48 MPlik sensor – keng burchakli ob’yektivga ega IMX586 datchigi mavjud. Uchinchi – telefotokamera esa uch karralik optik va naq 30 karralik gibrid zum bilan maqtana oladi. To‘rtinchi modulni ishlab chiqaruvchi «rang filtri kamerasi» deyapti.

OnePlus 8 modelida esa kamera uchtalik: 48 megapiksellik IMX568 sensori, 16 megapiksellik keng burchakli modul va makrokamera. Hattoki oldingi avlod OnePlus 7T flagmanida ham mavjud bo‘lgan telefotomodul yangi smartfonda yo‘q!

Darvoqe, OnePlus 8 modelida tasvirni optik barqarorlashtirish funksiyasi bosh kameraning faqat asosiy datchigida bo‘lsa, Pro-versiyada asosiydan tashqari telefotosensorda ham qo‘llangan. Ikkita flagmanda ham old kamera bir xil – 16 megapiksellik yakka modul.

O‘QING: 192 megapiksel kamerali smartfon chiqmoqda

OnePlus bu gal Pro-versiyadagi flagmanida video va audio imkoniyatlariga katta e’tibor qaratgan. Unda audiozum funksiyali uchta mikrofon qo‘llangan. Kadr chastotasi soniyasiga 24 kadrlik videoni u 120 k/s chastotaliga aylantirib berish funksiyasiga ega; buning uchun smartfonga hatto alohida mikroprotsessor ham o‘rnatilgan.

Har ikkala model Qualcomm kompaniyasining eng ilg‘or Snapdragon 865 protsessori bilan ta’minlangan. Ikkala yangi smartfon ham 8 gigabaytlik (LPDDR4X toifali) va 12 gigabaytlik (LPDDR5 toifali) tezkor xotira chiplariga ega variantlarda taklif etiladi. Doimiy xotira esa har ikkalovida 128 yoki 256 gigabaytlik.

OnePlus 8 akkumulyatorida tok sig‘imi 4300 mA/soatlik bo‘lsa, «og‘a»sida bu ko‘rsatkich 4510 mA/soatga teng. Lekin har ikkalasi simli usulda 30 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Ikkitasiga ham tegishli boshqa xususiyatlar: stereodinamiklar, yangi Haptic Vibration 2.0 vibromotorchasi, Wi-Fi 6 hamda USB 3.1 porti.

Kichkina model qora, yashil va sadaf rangli korpuslarda taklif etiladi. Uning o‘lchamlari 160,2x72,9x8 millimetrlik, vazni esa 180 grammga teng. Pro-versiya qora, ko‘k va yashil rangdagi, 165,3x74,3x8,5 millimetrlik va 199 grammlik korpusga ega.

Narxi masalasiga kelsak, OnePlus 8 modeli xotira konfiguratsiyasiga ko‘ra tegishlicha 700 va 800 dollarga baholangan. OnePlus 8 Pro uchun esa xotirasiga qarab 900 va 1000 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi. Bu narxlar AQSh bozori uchun belgilangan, Xitoyda ular arzonroq bo‘lishi aniq. Lekin baribir, bu narxlari bilan ularni endi «flagmanlar kushandasi» deb bo‘lmaydi. OnePlus mazkur qurilmalarni 21 apreldan savdoga chiqaradi.

O‘QING: Eng qimmat Huawei hamda Xiaomi flagmanlarining kamera jangi! («jonli» video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.