«O‘lmas» Nokia 3310: original va qayta chiqarilgan versiyalarni taqqoslaymiz

  •   DiMaX
  •  3200
  •  25.03.2017 18:20

«O‘lmas» Nokia 3310: original va qayta chiqarilgan versiyalarni taqqoslaymiz

MWC 2017 ko‘rgazmasida ko‘plab smartfon va turli zamonaviy devayslar namoyish etilgan esa-da, eng katta shov-shuvlar oddiy tugmachali telefon atrofida aylandi. Ha, bu o‘sha – insoniyat tarixida eng ko‘p sotilgan Nokia 3310 telefonining qayta ishlangan yangi modeli edi.

The Telegraph nashriga ko‘ra, yangilangan Nokia 3310 taqdim etilganidan keyin «Nokia» qidiruv so‘rovlari 797 foizga oshgan. AliExpress’dan original Nokia 3310 modelini xarid qilish imkoni mavjudligiga qaramasdan, yangilangan modelini sotib olish uchun ta’rifga sig‘mas navbatlar tizildi.

Xo‘sh, yangilik o‘zi shunga arziydimi, yoki ishlab chiqaruvchilar Nokia 3310’ning avvalgi mavqeyidan foydalanib shunaqa obro‘ qozonishmoqdami? Bugun shuni bir ko‘rib, ikkala modelning turli jihatlarini o‘zaro solishtirib chiqamiz.

Dizayn

 Yangilangan Nokia 3310 taqdimotiga qadar uning tashqi ko‘rinishi va imkoniyatlari xususida hech bir ishonchli ma’lumot chiqmayotgandi. Qurilma namoyish etilgach, buning o‘sha 2000 yilgi telefonning qayta ishlab chiqarilgan versiyasi ekaniga ko‘pchilik ishonmadi. Zero, bir qarashda bu ikkalasi har xil telefon-da. Biroq ularni o‘zaro taqqoslash uchun yonma-yon qo‘ysak, dizayndagi o‘xshashlik yaqqol seziladi.

Yangi model ham, xuddi avvalgisi kabi, o‘rtasi qabariq «kemacha» shakliga ega. Raqamlar tugmachalari ham o‘sha oval shaklni saqlab qolgan, displey ham xuddi avvalgisidek yorqin rangli gardish bilan o‘ralgan. Ammo tashqi ko‘rinishdagi o‘xshashliklar tugaydi. Darvoqe, telefonlarning bo‘yi va eni ham deyarli bir xil: oldingisida 113 x 48 mm, yangisida esa 115,6 x 51 mm. Lekin Nokia 3310 (2017) modeli o‘z ajdodiga nisbatan salkam ikki baravarga yupqa – 22 emas, balki 12,8 mm.

Biroq qurilmalarning orqa tomoniga qaralsa, farqi darhol seziladi. Yangilangan versiyada «Nokia» yozuvi pastroqqa tushirilgan, yuqoriroqda esa dinamik, kamera va fotochaqnoq bor. Kamerasi 2 megapikselli, unda olingan rasmlar sifati uncha yaxshi emas, ammo chidasa bo‘ladigan. Chaqnoqni esa zarur paytlarda qo‘lchiroq sifatida ishlatish mumkin.

Korpus

Asl Nokia 3310’ning ommalashuvi sabablaridan eng muhimlari qatorida mustahkamligi va ishonchliligini sanab o‘tish mumkin. Qo‘ldan tushib ketish, zarbalar va boshqa mexanik ta’sirlar uning uchun hech gap emasdi. Internetda bu modelning baquvvatligi namoyish etilgan ko‘plab drop-testlarni topish mumkin.

Yangilangan Nokia 3310 ham plastikdan ishlangan bo‘lsa-da, unaqa ishonchli ko‘rinmayapti.

Batareya

Hozirgi kunda – odatdagi smartfonlar faol foydalanish rejimida bir kunda bir necha marta quvvatlashni talab etsa, oldingi «trubka»larning batareyasi ko‘pga yetishi hayratlanarli edi. Masalan, asl Nokia 3310 akkumulyatori 900 mA/soat sig‘imga ega edi. Uning quvvati so‘zlashuv rejimida 2,5 soatgacha, kutish rejimida esa 55 soatgacha yetardi.

Yangilangan Nokia 3310 (2017) modelida akkumulyator sig‘imi yanada kengayib, 1200 mA/soatga chiqqan. Ammo uning quvvati yetishi deyarli 10 karraga oshgan – so‘zlashish rejimida 22,1 soat, kutish rejimida esa 25,3 kun! Bu jihatiga ko‘ra yangi model anchagina ustunlikka ega va ikkinchi yoki zaxira telefon sifatida ishlatishga juda qo‘l keladi.

Aloqa

Aksariyat foydalanuvchilar uchun smartfonlardagi telefon funksiyasi ikkinchi planga o‘tib qolgan. Ko‘pchilik undan foto va videokamera sifatida foydalanadi, internetga kiradi, o‘yin o‘ynaydi. Ammo yangilangan Nokia 3310 modelida, xuddi originalidagi kabi, qo‘ng‘iroq qilish asosiy vazifa sifatida belgilangan. Yangi modelning ustunligi bor – unga ikkita SIM-karta o‘rnatish mumkin. Har ikkala telefon ham faqat 2G tarmog‘ida ishlaydi. Shunisi g‘alati lekin – yangi modelga Opera Mini brauzeri o‘rnatilgan holda chiqarilmoqda, shunga yarasha 3G tarmog‘i ham bo‘lsa zarar qilmasdi.

Displey

Original va yangilangan Nokia 3310’larning asosiy farqi aynan ekrani sanaladi. 2000 yilgi modelga bugungi kun mezonlari bilan qaraganda o‘ta kulgili – 84x48 pikselgi monoxrom displey o‘rnatilgan edi.

Yangilangan versiya esa rangli, diagonali 2,4 dyuymga teng, 320x240 pikselli displeyga ega, unga quyoshli kunda ko‘rinishni yaxshilovchi qoplama ham o‘rnatilgan.

Ermaklar

Original Nokia 3310 birorta multimediya imkoniyatiga ega emasdi. Ammo uning «avlod»ida busiz iloji yo‘q, albatta. Kamerasidan tashqari, yangi modelda FM-radio hamda MP3 formatidagi musiqa fayllarini o‘qish imkoni mavjud.

Fotosurat va musiqalarni saqlashga telefonning 16 MBlik ichki xotirasi kamlik qilishi aniq, shu bois unga 32 GBgacha hajmli microSD xotira kartasini qo‘yish imkoniyati ham kiritilgan.

«Iloncha»

 Ishonish qiyin, biroq o‘z vaqtida Nokia 3310 modelini aynan ichidagi shu o‘yini uchun tanlagan. Butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlar shu «Iloncha»ni o‘ynashgan. Axir, o‘sha vaqtda boshqa birorta telefonda bu kabi o‘yinning o‘zi yo‘q edi-da!

Xullas, yangilangan Nokia 3310’ga ham «Iloncha»ni o‘rnatishgan, ammo u Gameloft studiyasi tomonidan qayta yaratilgan va originalidan farq qiladi. Mohiyatiga ko‘ra u ham 17 yil avvalgisiga o‘xshaydi, lekin endi uning ham asl Nokia 3310’dagisi kabi o‘ynalishiga ishonish qiyin.

Ulanishlar

«Qayta tirilgan» Nokia 3310 telefonining so‘zsiz afzalliklaridan yana biri – standart microUSB tirqishiga egaligidir. Agar batareyani quvvatlash uskunasini yoningizda olib yurmasangiz, zarurat tug‘ilib qolganida original Nokia 3310 uchun quvvatlagich topishingiz amrimahol edi. Bu yilgi Nokia 3310 esa sizni mazkur tashvishdan xalos etadi – ko‘pchilik smartfonlarda mavjud bo‘lgan microUSB tirqishi orqali quvvatlash imkoniyati unda ham bor.

Quyidagi jadvalda har ikkala modelning xususiyatlari o‘zaro taqqoslangan:

Xususiyatlari Nokia 3310 (2000) Nokia 3310 (2017)
Operatsion tizim Nokia Series 30+
Displey monoxrom, 5 qator, 84x48 rangli, 2,4″, 320x240
Ichki xotira 16 MB
Xotira kartasi microSD, 32 GBgacha
Kamera 2 Mp, chaqnoq
Akkumulyator 900 mA/soat 1 200 mA/soat
Kutish rejimi 55 soat 744 soat
So‘zlashish rejimi 2 soat 22 soat
Aloqa GSM 900, GSM 1800 GSM 900, GSM 1800
SIM-kartalar soni 1 1/2
Ermaklar o‘yinlar o‘yinlar, FM-radio, MP3-pleyer
Bluetooth Bluetooth 3.0
Tirqish propriyetar microUSB
3,5 mm.lik audiotirqish bor
Qo‘ng‘iroq tonal polifonik
O‘lchamlari 113x48x22 mm 115,6x51x12,8mm
Vazni 133 g 79,6 g
Korpus rangi ko‘k, kumushrang, sariq, qizil va oq; paneli almashadigan qizil, ko‘k, sariq, kulrang; orqa qopqog‘i olinadi
Narxi ~$20 €49

 Xulosa

Strategy Analytics tahlil firmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yili Nokia oddiy uyali telefonlardan 35,3 millionta sotgan. Yangilangan Nokia 3310 esa hozirda bozorda mavjud, shu kabi imkoniyatlarga ega bo‘lgan telefonlarga nisbatan ancha qimmat.

Shubha yo‘qki, bu qurilmani tijorat jihatidan muvaffaqiyat kutmoqda. U allaqachon o‘z rolini o‘tab ulgurdi ham – yana hamma Nokia haqida gapira boshladi. Uni sotib oluvchilarning ko‘pchiligi original Nokia 3310’ni qo‘msaydiganlar bo‘ladi. Shunaqalar ko‘pmikan lekin?

Buni esa sotuvlar boshlanib, ilk hisobotlar e’lon qilingach bilib olamiz, saytimizdan uzoqlashmang.