Ushbu aksessuar bilan sizning smartfoningiz ham sun'iy yo'ldoshga ulana oladi!

Ushbu aksessuar bilan sizning smartfoningiz ham sun'iy yo'ldoshga ulana oladi!

Yangi taqdim qilinayotgan flagman smartfonlarda sun'iy yo'ldoshga ulanish xususiyati asta-sekin ommalashmoqda, lekin endi siz bunday funksiya uchun yangi smartfon sotib olishingiz shart emas. Buyuk Britaniyaning Bullitt Group mobil telefonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Barselonada bo'lib o'tayotgan MWC 2023 tadbirida Motorola Defy Satellite Link nomli Bluetooth qurilmasini taqdim qildi.

Motorola Defy Satellite Link istalgan iOS (14 yoki undan yuqori) va Android (10 yoki undan yuqori) smartfonni 22,300 milya (≈35888 km) balandlikdagi sun'iy yo'ldoshga ulanish bilan ta'minlab bera oladigan Bluetooth qurilma bo'lib, u sun'iy yo'ldosh orqali xabaringizni yetkazish uchun Bullitt Satellite Messenger ilovasidan foydalanadi. Ushbu ilova ham iOS, ham Android uchun mavjud va u birinchi navbatda boshqa messenjerlar kabi Wi-Fi yoki mobil internet orqali ishlaydi. Hech qanday aloqa signallari bo'lmagan, ochiq osmon ostidagi joyda esa ilova sun'iy yo'ldosh orqali xabar almashish imkonini beradi.

Motorola Defy Satellite Link'ga ulangan holda ilova orqali kimgadir xabar yuborganingizda, u ilovadagi o'sha odamga yetkaziladi yoki unga xabar bilan birga Bullitt ilovasini yuklab olish so'raladigan SMS xabar yuboriladi. Ya'ni sizning xabaringizni qabul qilib oluvchi Bullitt messenjeri bo'lishi kerak, lekin qabul qiluvchidan Motorola Defy aksessuari talab qilinmaydi. Shuningdek, xabarni qabul qiluvchi uchun hech qanday to'lov mavjud emas, lekin xabarni yuboruvchi odam oyiga kamida 4.99 dollar turadigan obunaga ega bo'lishi kerak. Ushbu obuna SOS yordamchi sifatida FocusPoint International orqali favqulodda holat markazlariga 24/7 ulanishi mumkin.

Texnik xususiyatlarga borasida, qurilma yangi 3GPP NTN sun'iy yo'ldosh aloqasi texnologiyasiga ega MediaTek chipi bilan jihozlangan. U IP68 va Mil-Spec 810H sertifikatlariga ega bo'lib, 1.5 meter chuqurlikdagi suvda 35 daqiqagacha turishga, hamda, 1.8 meter balandlikdan tushib ketishga chidamli hisoblanadi. Aksessuar o'rtacha bir necha kunga yetishi aytilayotgan 600 mA/soat batareyaga ega. Uning bir yon tomonida SOS tugmasi, ikkinchi tomonida esa Yoqish, lokatsiyani aniqlash tugmalari va USB porti mavjud.

Motorola Defy Satellite Link aksessuarti 2023-yil ikkinchi choragidan boshlab 99 dollar narxda sotuvga chiqariladi.

O'QING: Sun’iy yo‘ldosh orqali 2 tomonli xabar almashishni qo‘llab-quvvatlaydigan ilk smartfonlar taqdim qilindi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.