«5G-smartfonlar juda arzon bo‘lishi kerak!» – Qualcomm yangi protsessor chiqardi

  •   DiMaX
  •  470
  •  06.01.2021 12:02

«5G-smartfonlar juda arzon bo‘lishi kerak!» – Qualcomm yangi protsessor chiqardi

Qualcomm kompaniyasi 2020 yilning dekabrida navbatdagi flagmani – Snapdragon 888 chipsetini taqdim etgan. Uning bazasidagi hozircha yagona bo‘lib turgan Xiaomi Mi 11 smartfoni esa AnTuTu benchmarkining so‘nggi reytingida g‘oliblikka erishgan.

O‘QING: «Taxtni bo‘shat, Xiaomi Mi 11» – AnTuTu rekordchisi yanvarda chiqyapti

Amerikalik chipsoz endi Snapdragon 480 rusumli yangi mobil protsessorini namoyish etdi. Garchi kompaniyaning Snapdragon 400 turkumidagi mahsulotlari boshlang‘ich va o‘rta toifali smartfonlarga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, bunisi yangi bosqichga ko‘tarilgan.

Avvalo, bu chipset 400-seriyaning 8 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlangan ilk vakilidir. Qolaversa, Snapdragon 480 modeli beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llovchi eng arzon Qualcomm protsessori bo‘ldi.

Shuningdek, yangi chipset oldin faqat birmuncha qimmat smartfonlarga xos bo‘lgan ayrim imkoniyatlarni endi arzon telefonlarga ham tatbiq etish imkonini beradi. Jumladan, Quick Charge 4 Plus tezkor quvvatlash texnologiyasi, Full HD+ aniqligidagi va 120 gerslik chastotadagi displeylar, 64 megapiksellik va uch modulli kameralar va hokazo.

O‘QING: AnTuTu’da taxt talashayotgan Mi 11 va iQOO 7 flagmanlarini bitta zarbada ag‘dargan yangi rekordchini qarshi oling!

Bulardan tashqari, Snapdragon 480 chipsetida markaziy protsessor (CPU) hamda grafik tezlatgich (GPU) samaradorligi oldingi – Snapdragon 460 modelidagiga nisbatan ikki karra oshirilgan. Sun’iy idrok bilan bog‘liq masalalarni hal etish jarayoni esa 70 foizga tezlashtirilgan. Bularning bariga Kryo 460 yadrolari, Adreno 619 grafik protsessori hamda Qualcomm Hexagon 686 blogi yordamida erishilgan.

Snapdragon 480 bazasidagi ilk arzon 5G-smartfonlar shu yilning birinchi choragidayoq bozorga chiqadi. Qualcomm bergan ma’lumotga ko‘ra, ularni dastlab Nokia, OPPO hamda Vivo taqdim etadi.

O‘QING: Xiaomi Mi 10 turkumida 300 dollardan arzon 5G-smartfon chiqdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!