Apple «raskladushka» iPhone chiqarmoqchi, ammo Samsung’dan cho‘chiyapti

  •   DiMaX
  •  1701
  •  12.10.2017 16:26

Apple «raskladushka» iPhone chiqarmoqchi, ammo Samsung’dan cho‘chiyapti

Samsung kelasi yili buklama ekranli ilk smartfonini taqdim etmoqchi ekanligidan xabaringiz bor. Kupertinoliklar ham bu borada undan qolishmaslikka harakat qilishyapti, ammo Apple bu gal masalaga boshqacharoq yondashmoqda, deb yozadi The Investor nashri.

Ma’lumki, Apple o‘z smartfonlarida qo‘llanib kelayotgan OLED-displeylarning asosiy yetkazib beruvchisi Samsung Display kompaniyasidir. Ammo asosiy raqobatchisiga qarashli bu kompaniya yangi ishlanmasini o‘g‘irlab olishidan cho‘chib, Apple displey borasida ularga buyurtma bermaslikka qaror qildi. Kupertinolik gigant buklama displeylar yetkazib beruvchi sifatida boshqa hamkor topishni ma’qul ko‘rdi va, xabarga ko‘ra, LG Display kompaniyasi bilan ish boshlagan.

Buklama iPhone qanday bo‘lishi haqida gapirishga hali erta. Ammo manbalarga ishonsak, uni ommaviy ishlab chiqarishga 2021 yildan oldin kirishilmaydi. Lekin, kupertinoliklar smartfon uchun buklama platalar ishlab chiqarish bo‘yicha allaqachon LG Innotek bilan kelishib olgan, degan ma’lumotlar ham chiqqan. Bu esa buklama ayfon ertaroq chiqishi ehtimolini kuchaytiradi.

Ochig‘i, to‘rt yildan so‘ng axborot texnologiyalari qanday tus olishini hozir tasavvur qilish ham qiyin, chunki mazkur soha yashin tezligida o‘sib borayotir. Kim biladi, hali Apple turli form-faktordagi smartfonlarni tajriba qilib ko‘rayotgan bir paytda, qanaqadir uncha tanilmagan bir startap mobil aloqaning umuman boshqacha usulini taqdim etuvchi gadjet ishlab chiqar?

Xabaringiz borki, Samsung’ning buklama smartfoni haqidagi xabarlar shu yilning mart oyida tarqala boshlagan. Sentyabrda esa kompaniya bukiluvchan smartfonni sertifikatlash bo‘yicha Koreya radiotadqiqotlar agentligiga patent arizasini topshirgan. Galaxy X deb atalayotgan ushbu model, narxi balandligi bois, iPhone X’dan ham noyob smartfon bo‘ladi.

Shuningdek, Xitoyning ZTE kompaniyasi ulkan displeyli, ammo ixchamlik uchun ikki buklab ishlatish ham mumkin bo‘lgan smartfon – kodli nomi Axon Multy bo‘lgan qurilmasini tayyorlamoqda. Geekbench benchmarkida ZTE Z999 nomi ostida sinovdan o‘tganida uning ayrim xususiyatlari fosh bo‘lgani haqida ham yozganmiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!