Asus ROG Phone 3 ham tayyor – uni Geekbench fosh etdi!

  •   DiMaX
  •  1085
  •  21.05.2020 15:05

Asus ROG Phone 3 ham tayyor – uni Geekbench fosh etdi!

2018 yilning iyunida Asus kompaniyasi o‘zining ROG Phone nomli ilk o‘yinbop smartfonini taqdim etgan. O‘tgan yilning iyulida chiqqan ikkinchi avlod – ROG Phone II (ROG Phone 2) geymerofoni esa hozirgacha eng zo‘r smartfonlar reytinglaridan tushmay kelayotir.

O‘QING: TOP-10: Xitoy flagmanlari barcha Galaxy S20’larni surib chiqardi! (AnTuTu global reytingi, 2020 yil aprel)

MySmartPrice resursiga ko‘ra, kompaniya allaqachon bu smartfonning uchinchi avlodini tayyorlab bo‘lgan. Geekbench servisida Asus I003DD nomli yangi smartfon imtihondan o‘tkazib ko‘rilgan va bu aynan Asus ROG Phone 3 modeli bo‘lishi kerak. Zero, uning oldingi avlodi Asus I001D kodli nomi ostida tayyorlangan edi.

Benchmark ma’lumotlar bazasi oshkor etishicha, ROG Phone 3 flagmani Android 10 operativ tizimiga va 8 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. Snapdragon 865 protsessorli ushbu geymerofon Geekbench 5.1.1 servisida yakka yadroli sinovda 902 ball, ko‘p yadroli testda esa 3074 ball olgan.

Bundan tashqari, Wi-Fi Alliance saytida ham ROG Phone 3 paydo bo‘lgan. U yerdagi Asus I003DD tavsifiga ko‘ra, qurilma Qualcomm QCA6390 chipsetiga ega, ikki polosali ulanishni hamda Wi-Fi Direct va Miracast standartlarini qo‘llaydi.

Asus yangi smartfonining biryo‘la ikkita mustaqil platformada paydo bo‘lishi ROG Phone 3 taqdimoti yaqin ekanligidan dalolatdir. Voqealar rivojini Terabayt.uz bilan birga kuzatishda davom eting. Shu bilan birga, mashhur GTA 5 o‘yinini bepul olish muddati bugun – 21 may kuni tugayotganini ham eslatib o‘tamiz.

O‘QING: Google Play’dan naq 16 ta o‘yinni bepul olishga ulguring! (tayyor havolalar)