Black Shark 3 bilan birga Black Shark 3 Pro ham namoyish etildi: bunaqa texnologiyalar boshqa birortasida yo‘q!

  •   DiMaX
  •  6743
  •  04.03.2020 10:50

Black Shark 3 bilan birga Black Shark 3 Pro ham namoyish etildi: bunaqa texnologiyalar boshqa birortasida yo‘q!

Xiaomi kompaniyasining o‘yinbop qurilmalarga ixtisoslashgan subbrendi, o‘zi va’da qilganidek, 3 mart kuni Black Shark 3 geymerofonini taqdim etdi. Ammo kutilmagan xushxabar: uning yanada ilg‘or versiyasi – Black Shark 3 Pro modeli ham bor ekan!

O‘QING: «Sayyoramizdagi eng qudratli smartfon» AnTuTu’da salkam 621 000 ball oldi!

Black Shark 3 hamda Black Shark 3 Pro modellari «ichki dunyosi» va ayrim texnik jihatlari bir xil, ammo muayyan farqlari ham bor.

Umumiy jihatlari

Har ikkala geymerofonda AMOLED displey qo‘llangan – uning kadr yangilanish chastotasi 90 gerslik, teginishlarni hisoblash chastotasi esa naq 270 gersga teng. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, ekranga bitta barmoq teginishidan to reaksiyagacha kechadigan vaqt atigi 24 millisoniyani, bir necha barmoq bilan teginishda esa – 28 millisoniyani tashkil etadi. Bulardan tashqari, Black Shark 3 hamda 3 Pro ekrani bosish kuchini farqlab, shunga yarasha tegishli amallarni bajara oladi. Yangi trendlarga amal qilib, barmoq izi skaneri ham displeyga integratsiya qilingan.

Uchinchi avlod «Qora akula»lar dizayniga kelsak, Black Shark turkumi uchun an’anaviy tarzda orqa panelda chiroqli logotip o‘rnatilgan. Faqat bosh kamera dizayni avvalgilaridan jiddiy farqlanadi: uning modullari uchburchak blokka olingan.

Har ikkala versiyada 5G standartini qo‘llovchi Snapdragon 865 protsessori, LPDDR5 turidagi tezkor va UFS 3.0 standartidagi ichki xotira chiplari qo‘llangan. Bulardan tashqari yana Bluetooth 5 hamda NFC, shuningdek, eng yangi – Wi-Fi 6 interfeyslarini sanab o‘tish mumkin. Korpusda zamonaviy USB Type-C porti bilan birga 3,5 millimetrlik standart quloqchin tirqishi ham qoldirilgan. Smartfonlar eng so‘nggi – Android 10 bazasida tayyorlangan MIUI 11 proshivkasiga ega.

O‘QING: Xiaomi va Redmi smartfonlarining rasmiy proshivkalari «xazinasi»ga marhamat!

Black Shark 3 hamda 3 Pro smartfonlarining sovitish tizimi takomillashtirilgan va, Xiaomi’ning da’vo qilishicha, oldingi avlod vakillariga nisbatan 100 foizga samaraliroq. Bundan tashqari, qizib ketishdan saqlovchi qo‘shimcha kuler xarid qilish ham mumkin. 25 dollarga baholangan ushbu aksessuar atigi 1 daqiqada smartfon haroratini 14 darajaga pasaytira oladi.

Smartfonlarning bosh kamerasi uchtalik: 64 megapiksellik asosiy modul, 13 megapiksellik keng burchakli (120 darajali ko‘rish burchagiga ega) ob’yektivga ega sensor hamda 5 megapiksellik chuqurlik datchigi.

Black Shark 3 geymerofonlarida old kamera 20 megapiksellik yakka datchikdan iborat.

Farqlari-chi, nimalardan iborat?

Yangi avlod geymerofonlarining birinchi farqi ularning o‘lchamlarida: Black Shark 3 modelida 6,67 dyuymlik, 2340x1080 piksellik ekran bo‘lsa, Black Shark 3 Pro versiyasi 7,1 dyuymlik va 3120x1440 piksellik displeyga ega.

Akkumulyatorining tok sig‘imi bo‘yicha ham ular turlicha: standart modelda 4720 mA/soatlik batareya qo‘llangan bo‘lsa, Pro-versiyada bu ko‘rsatkich 5000 mA/soatni tashkil etadi. Har ikkala modelda 65 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi mavjud. Yana bir jihati – zaryadlash davomida o‘yinni davom ettirishga xalaqit bermasligi uchun, ularning orqa tarafida qo‘shimcha, 18 vattlik magnitli quvvatlash porti ham ko‘zda tutilgan.

O‘QING: TOP-10: Bu gal endi eng kuchli smartfonlar boshqa! (AnTuTu reytingi, 2020 yil fevral)

Black Shark 3 Pro modelida shu paytgacha birorta smartfonda qo‘llanmagan yana bir jihat bor – uning korpusi o‘ng qirrasida suriluvchi mexanik tugmachalar joylangan. Ular korpus ichidan chiquvchi selfi-kameralar prinsipi bo‘yicha ishlaydi va an’anaviy geympadlardagi trigerlar rolini bajaradi. Kompaniya ularning 300 000 marta faollashtirish hamda 1 000 000 marta bosishga yaroqli ekanligi, shuningdek, smartfon qo‘ldan tushib ketganida avtomatik tarzda yashirinishiga kafolat bermoqda.

Pro-versiyadagi uchinchi avlod «Qora akula»ning stereodinamiklari Hi-Res sertifikatsiga ega. O‘yinlar davomida taktil ta’sirning yaxshilanishi uchun unda ilg‘or gorizontal vibromotorlar qo‘llangan, yana ayrim hollarda o‘yinlarni ovozli buyruqlar orqali boshqarish imkoni ham mavjud.

Quyida Black Shark 3 smartfonini «jonli» tomosha qilamiz:

Bozorga chiqish sanasi va narxlari-chi?

Black Shark 3 modeli 6 martdan, tezkor/ichki xotirasining hajmiga ko‘ra quyidagi narxlarda sotila boshlaydi:

8/128 GB — $500

12/128 GB — $544

12/256 GB — $573

Black Shark 3 Pro esa bozorga 10 martdan taqdim etiladi, narxlari esa:

8/256 GB — $673

12/256 GB — $716

O‘QING: 5 karra «yirtqich» Redmi Note 9: taqdimot kuni, narxi va ilg‘or xususiyatlari!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!