«Chirigan olma»: Apple’ga qarshi Fortnite turnirida sovrinlar yutib oling! (+video)

  •   DiMaX
  •  811
  •  22.08.2020 10:59

«Chirigan olma»: Apple’ga qarshi Fortnite turnirida sovrinlar yutib oling! (+video)

Apple korporatsiyasining ilovalar do‘konidagi 30 foizlik komissiyaga qarshi kurashga ko‘plab kompaniyalar qo‘shilgani haqida kecha yozgan edik. Bu mashmashalar Fortnite o‘yinining komissiyalarni chetlab o‘tishga uringani uchun App Store’dan chiqarilib yuborilishidan boshlangan edi.

O‘QING: Telegram asoschisi Apple va Google’ni jiddiy ayblab, ularning gegemonligini to‘xtatish yo‘lini ko‘rsatdi

Epic Games kompaniyasi Apple’ga qarshi kurashni Fortnite o‘yinining o‘zida ham davom ettirishga qaror qildi. Ya’ni, yakshanba – 23 avgust kuni u mazkur o‘yinda #FreeFortnite nomli onlayn musobaqa o‘tkazyapti.

Mazkur turnirda istagan Fortnite ishqibozi ishtirok etishi mumkin – ular qimmatbaho sovrinlar uchun va sevimli o‘yinning iOS va Mac platformalariga qaytishi uchun kurashadilar.

#FreeFortnite turnirida yakka o‘yinchi formatidagi 12 ta match davomida imkon qadar ko‘p ochko to‘plash kerak bo‘ladi. Bunda loaqal 10 ball to‘play olgan geymerlarga o‘yinda adovat olmasi ekipirovkasi taqdim etiladi. Eng yuqori natijalar ko‘rsatgan 20 ming nafar o‘yinchiga esa shunaqa provokatsion dizaynli kepkalar jo‘natishmoqchi.

Bulardan tashqari, Epic Games musobaqa davomida eng ko‘p «olma yegan» o‘yinchilarga jami 1200 ta o‘yin qurilmalari sovg‘a qilmoqchi. Ular orasida Alienware, Samsung, OnePlus, Sony, Microsoft va Nintendo kompaniyalarining konsol va smartfonlari mavjud bo‘lib, birortayam Apple mahsuloti yo‘q.

O‘QING: Fortnite, Minecraft, PUBG, Dota 2 va boshqa o‘yinlar bir soatda qancha megabaytingizni «yeb qo‘yadi»?

Epic Games musobaqa tashkil etishdan tashqari, Apple’ga qarshi reklama roligi ham tayyorlagan. Bu lavha aynan kupertinoliklarning «1984» nomli eng mashhur reklamasiga o‘xshatma tarzida ishlangan:

Shu bilan birga, Fortnite ijodkorlari iOS hamda Mac tizimli qurilmalar foydalanuvchilariga boshqa platformalarga o‘tish vaqti kelganini eslatishmoqda. Zero, bu o‘yin allaqachon App Store’dan olib tashlanganligi bois, 27 avgustdan boshlanuvchi ikkinchi bo‘limning to‘rtinchi mavsumiga «tishlangan olmali» gadjetlar egalari o‘ta olmaydilar.

#FreeFortnite turnirida qatnashish shartlari, undagi sovrinlar va boshqa ma’lumotlar bilan (rus tilida) batafsil tanishish uchun mana bu havola orqali Epic Games saytidagi maxsus sahifaga o‘ting.

O‘QING: Eng ommabop o‘yin Google Play’ga ham chiqdi – endi bemalol olib o‘ynang! (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!