Flagman turkumning arzon vakillari – OPPO Find X3 Neo hamda Find X3 Lite chiqdi

  •   DiMaX
  •  722
  •  13.03.2021 11:43

Flagman turkumning arzon vakillari – OPPO Find X3 Neo hamda Find X3 Lite chiqdi

Oppo korporatsiyasi kuni kecha Find X3 turkumida to‘rtta smartfonini taqdim etdi. Standart talqindagi flagman hamda uning Find X3 Pro versiyasi bosh kamerasida naq 60 karralik zumga ega mikroskopik datchik qo‘llangan.

O‘QING: Oppo «damini olsin» – Xiaomi ham mikroskop-kamerali, undan tashqari biryo‘la ikkita 108MP kamerali smartfonlar chiqaryapti! (+«jonli» surat)

Yangi avlod flagmanlar turkumiga bu ikkitasidan tashqari yana Find X3 Neo hamda Find X3 Lite modellari ham kirgan. Lekin ularni butkul yangi deb bo‘lmaydi – bu ikki gadjet Xitoy bozoridagi Reno 5 5G hamda Reno 5 Pro+ 5G smartfonlarining xalqaro global versiyalaridir.

OPPO Find X3 Neo modeli diagonaliga 6,5 dyuymlik, chetlari qayrilma AMOLED-ekranga ega. Displeyning tasvir uzatishi Full HD+ formatida (2400x1080 piksellik) yangilanish chastotasi esa 90 gerslik. Apparat platformasi sifatida o‘tgan yilgi flagman protsessor – Snapdragon 865 qo‘llangan, tezkor/ichki xotirasi esa 12/256 gigabaytlik.

Uning bosh kamerasida asosiy datchik sifatida, xuddi Find X3 hamda Find X3 Pro flagmanlaridagi kabi, 50 megapiksellik aniqlikdagi, optik barqarorlashtirish funksiyali Sony IMX766 datchigi qo‘llangan. Kvadrokamerada yana o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan birikkan 16 MPlik sensor, teleob’yektivga ega 13 MPlik datchik hamda 2 MPlik makromodul mavjud. Selfi uchun esa ekran tuynugiga joylashgan 32 megapiksellik kamera mavjud.

Find X3 Neo akkumulyatorining tok sig‘imi 4500 mA/soatlik bo‘lib, 65 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llovchi hamda NFC chipiga ega bo‘lgan bu smartfon Starlight Black hamda Galactic Silver ranglarida ishlab chiqarilmoqda. OPPO uning uchun 815 yevro (taxminan $975) miqdorida narx belgilagan, savdosi 14 aprelda boshlanadi.

O‘QING: $150 evaziga 48 MPlik kvadrokamera va 6000 mAs batareyali Galaxy M12 to‘liq namoyish qilindi!

OPPO Find X3 Lite modeliga kelsak, unda Snapdragon 765G protsessori hamda 8/128 gigabaytlik tezkor/doimiy xotira chiplari ishlatilgan. Displeyining o‘lchami diagonaliga 6,4 dyuymlik, aniqligi FHD+ formatida, yangilanish chastotasi 90 gerslik. Tok sig‘imi 4300 mA/soatlik batareyasi, xuddi turkumning «katta» vakillaridagi singari, 65 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvatlana oladi.

«Yengil» flagman kvadrokamerasi 64 + 8 + 2 + 2 megapiksellik sensorlardan iborat. Uning selfi-kamerasi ham qolgan uchta modeldagi kabi – 32 megapiksellik. Bu smartfon ham NFC moduliga, shuningdek, Android 11 bazasidagi ColorOS 11.1 grafik qobig‘iga ega. Bulardan tashqari, u mazkur turkumda 3,5 millimetrlik standart quloqchin tirqishiga ega bo‘lgan yagona modeldir.

OPPO Find X3 Lite smartfoni Galactic Silver, Starry Black hamda Astral Blue rangli korpuslarda, €465/$560 narxida taklif etiladi.

O‘QING: Snapdragon 888 chipli eng arzon flagman 10 soniyada 15 mln dollarlik sotildi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!