Geekbench servisida kutilmagan Xiaomi Mi 10i qo‘lga tushdi!
Hozirda barcha Xiaomi fanatlarining e’tibori navbatdagi flagmanlar — Mi 11 va Mi 11 Pro modellariga qaratilgan. Lekin kompaniya undan avval Xiaomi Mi 10 turkumida yana bitta smartfon tayyorlabdi!
O‘QING: TOP-10: Narxini eng sekin yo‘qotadigan smartfonlar (2020 yil reytingi)
Xiaomi Mi 10i smartfoni allaqachon M2007J17I model raqami ostida Geekbench servisida tekshirib ko‘rildi – demak, uning taqdimoti yaqin. Benchmarkning ko‘rsatishicha, qurilma 1,8 GGs.lik chastotada ishlovchi Qualcomm protsessoriga ega; aftidan, bu Snapdragon 750G bo‘lsa kerak.
Bu gadjet 8 gigabaytlik tezkor xotiraga ega bo‘lib, Android 10 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. Uning benchmarkdagi samaradorlik ko‘rsatkichlariga kelsak, yakka yadroli sinovda 652 ball, ko‘p yadroli imtihonda esa 2004 ball olgan:
Smartfonning model raqami bilan birga, Geekbench servisining ma’lumotlar bazasida uning kodli nomi – gauguinpro ham ko‘rsatilgan. Shundan kelib chiqadiki, bu aslida butkul yangi model bo‘lmasdan, yaqinda Redmi Note 9 Pro 5G nomi bilan Xitoyda taqdim etilgan smartfonning rebrending qilingan – Mi brendi ostida jahon bozoriga tayyorlangan versiyasidir.
O‘tgan haftada Hindiston regulyatorining ma’lumotlar bazasida ham Xiaomi Mi 10i modeli paydo bo‘lgan edi. Lekin ushbu mamlakatda undan ham oldin Redmi 9 Power rusumli smartfon namoyish etiladi va kompaniya uni «Energetik monstr» yoki «Quvvat monstri» deya maqtamoqda.
O‘QING: Xiaomi aytadiyam, qaytadiyam: to‘rtta Redmi smartfoniga MIUI 12 kelmaydigan bo‘ldi!