Honor Magic 3 va Magic 3 Pro chiqdi: Snapdragon 888+, Android 11, Magic UI 5.0 va Google servislari bor!

  •   DiMaX
  •  1161
  •  13.08.2021 14:07

Honor Magic 3 va Magic 3 Pro chiqdi: Snapdragon 888+, Android 11, Magic UI 5.0 va Google servislari bor!

Qualcomm kompaniyasi shu yil iyunning oxirida Snapdragon 888 Plus rusumli flagman protsessorini namoyish qilgan. Uning bazasidagi ilk qurilma Xiaomi Mi Mix 4 flagmani bo‘lgan edi, endi bu safga boshqalar ham qo‘shilmoqda.

O‘QING: Egalari rozi bo‘lgan smartfonlar reytingida kutilmagan o‘zgarish! (AnTuTu, 2021 yil iyul)

Ushbu chipset bazasidagi smartfonlar taqdimotiga bag‘ishlangan ikkinchi tadbirni Honor kompaniyasi o‘tkazdi. Uning ushbu yangi flagmanlari – Honor Magic 3 hamda Magic 3 Pro modellarining o‘zaro o‘xshash jihatlari ko‘p, ammo farqlari ham yetarlicha.

Bir xil xususiyatlari

Har ikkala qurilma 6,76 dyuymlik, chetlari qayrilma, romsiz OLED-displey bilan ta’minlangan. Kadr yangilanishi 120 gerslik, tasvir uzatish formati FHD+ bo‘lgan ekranning o‘ziga daktiloskop ham o‘rnatilgan.

Displeyning oval shakldagi tirqishiga 13 megepiksellik old kamera va foydalanuvchini yuzidan tanib oluvchi ToF 3D sensori o‘rnatilgan. Honor Magic 3 ham, uning Pro-versiyasi ham IMAX Enhanced texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Flagmanlarning ikkalovi ham 4600 mA/soatlik akkumulyator bilan ta’minlangan. Ular simli usulda 66 vattlik, Qi standarti bo‘yicha simsiz usulda esa 55 vattlik tezkor quvvatlana oladi.

Farqi nimada unda?

Avvalo, IP68 standartiga ko‘ra chang va suvdan himoya faqatgina Honor Magic 3 Pro modelida mavjud. “Oddiy” flagman – Honor Magic 3 korpusi ham himoyalangan, ammo faqat IP54 standartida.

Qolaversa, “katta” model bosh kamerasida ancha takomillashtirilgan teleob’yektiv qo‘llangan. Uning aniqligi 64 megapikselni tashkil etadi va 3,5 karralik optik zumga ega.

Honor Magic 3 va uning Pro-versiyasida bosh kameraning qolgan modullari bir xil: 50 megepiksellik asosiy (Sony IMX766) sensori, 64 MPlik monoxrom datchik va 13 MPlik o‘ta keng burchakli kamera.

Google servislari o‘rnatilgan!

Yangi flagmanlar Android 11 operatsion tizim talqini bazasida tayyorlangan Magic UI 5.0 grafik qobig‘i bilan ishlaydi. Sotuvga ularni Google Mobile Services o‘rnatilgan holda chiqarishadi. Ta’kidlash kerakki, Honor alohida kompaniya bo‘lib Huawei’dan ajralib chiqqanidan beri Xitoydan tashqarida mana shu flagmanlariga qadar birorta ham smartfon chiqarmagan edi.

Honor Magic 3 gadjeti 8 gigabaytlik tezkor hamda 128/256 gigabaytlik doimiy xotiraga ega variantlarda chiqariladi. Uning oq va qora variantlarida orqa panel shishadan ishlangan, Golden Hour hamda Blue Hour ranglilarida esa – sun’iy charmdan. Bu flagmanning narxi 899 yevrodan boshlanadi.

Honor Magic 3 Pro esa 8/12 gigabaytlik tezkor va 256/512 gigabaytlik doimiy xotira chiplari bilan, 1 099 yevrodan boshlanuvchi narxlarda taklif etiladi. Uning rang variantlari orasida Blue Hour yo‘q.

O‘QING: 5G-smartfonlar bozorida Samsung to‘rtinchi o‘ringa tushdi. Undan zo‘rlari kimlar?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!