Huawei Mate X2 chiqdi: 100 karra zumga ega Leica kamerali buklamafon! (+video)

  •   DiMaX
  •  1181
  •  23.02.2021 11:03

Huawei Mate X2 chiqdi: 100 karra zumga ega Leica kamerali buklamafon! (+video)

Xitoylik texnogigant 2019 yili qayishqoq ekranli Mate X smartfonini taqdim etgan va 15 noyabrdan sota boshlagan edi. Uning ikkinchi avlodi – Mate Xs esa bultur namoyish qilingan bo‘lib, uncha-munchaga o‘z narxini yo‘qotmaydigan o‘nta smartfon reytingiga ham kirgan.

O‘QING: Huawei rahbari raqiblar flagmanini dunyodagi eng zo‘r smartfon, deb e’lon qildi!

Huawei kompaniyasi endi yangi flagman buklamafoni – Mate X2 modelini rasman taqdim etdi. Uning ikkita displeyi bor – korpusining tashqi qismida diagonaliga 6,45 dyuymlik ekran o‘rnatilgan. Uning tomonlari o‘zaro 21:9 nisbatda, OLED matritsali, aniqligi esa 2700x1160 piksellik.

Buklamafonning ichki tomonida esa diagonaliga 8 dyuymlik, deyarli kvadrat shakldagi (tomonlari nisbati 8:7,1) ekran qo‘llangan va u 2480x2200 piksellik aniqlikda tasvir uzatishga qodir.

Huawei Mate X2 apparat platformasi – Mate 40 turkumi smartfonlari orqali tanish bo‘lgan, 5G-modemli Kirin 9000 protsessoridir. Buklamafon ikkita SIM-karta sloti bilan ta’minlangan va ikkita dinamikka ega. Akkumulyatorining tok sig‘imi 4500 mA/soatlik va u 55 vattlik quvvatda tezkor zaryadlana oladi.

O‘QING: iPhone 12 hamda Huawei Mate 40 mustahkamligini tasodifan... kir yuvish mashinasida sinab ko‘rishdi!

Kompaniyaning oldingi buklamafonlariga nisbatan Mate X2 modelida interfeys yaxshilangan, ko‘p oynali rejim qulaylashtirilgan. Qayishqoq ekranni qo‘llashda klaviatura ikki qismga ajraladi va ikki qo‘lda terish oson bo‘ladi.

Mate X2 kvadrokamerasida asosiy sifatida 50 megapiksellik, optik formati 1/1,28 dyuymlik RYYB sensor qo‘llangan. Uni diafragmasi F/1,9 hamda fokuslash masofasi 23 millimetr bo‘lgan ob’yektiv bilan biriktirishgan. Ikkinchi modul 8 MPlik bo‘lib, 10 karralik optik zumga va F/4,4 diafragmali ob’yektivga ega. 12 megapiksellik uchinchi datchik F/2,4 diafragmali ob’yektiv bilan taqdim etilgan va 3 karralik zum imkoniyati bor. Bu uchta modulda ham tasvirni optik barqarorlashtirish funksiyasi mavjud; to‘rtinchisi esa 16 megapiksellik aniqlikda va o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan birlashtirilgan. Leica mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan kamerada maksimal gibrid zum 100 karrani tashkil etadi!

Huawei ushbu buklamafonni o‘z yurtida to‘rt xil – oq, qora, moviy va pushti korpuslarda 25 fevraldan sota boshlaydi. Uning doimiy xotirasi 256 gigiabaytlik varianti 18 000 yuanga baholangan, bu esa naq 2830 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Doimiy xotirasi 512 gigabaytlik Mate X2 uchun esa xitoyliklar 19 000 yuan (2940 dollar) to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Buklamafonning tashqi bozorga chiqarilishi haqida hozircha biror ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Egasini rozi qilgan o‘nta Android-smartfon (AnTuTu reytingi, 2021 yil yanvar)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!