"Humo" to‘lov tizimining ishga tushish vaqti ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston milliy to‘lov tizimi – "Humo" 2019 yil yanvar-fevral oylarida ishga tushadi. Bu haqda 30 noyabr kuni Markaziy bank (MB) raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov O‘zbekiston bank sektoriga bag‘ishlangan "Taraqqiyot tamoyillari" teleko‘rsatuvida ma’lum qildi, deb yozadi Turon24.uz.

Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, yangi to‘lov tizimi uchun to‘lov terminallari hamda bankomatlar sotib olishni Markaziy bank o‘z zimmasiga oladi.

"Biz yangi terminallar va bankomatlar sotib olishni tijorat banklariga yuklamaslikka qaror qildik. Terminallarni sotib olish va "Humo" plastik kartalarni chiqarish bilan Markaziy bankning o‘zi shug‘ullanadi. Ushbu terminallar VISA va Master Card kabi xalqaro kartalarni ham qabul qiladigan bo‘ladi.  "Humo" plastik kartalari esa hozirda mavjud UzCard to‘lov terminallarida ham ishlaydi. Bu borada xech qanday muammo bo‘lmasligi kerak", deydi Timur Ishmetov.

Qayd etish joizki, 29 noyabr kuni humocard.uz domeni O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan. "Humo" to‘lov tizimining rasmiy sayti aynan mana shu sayt bo‘lishi kutilmoqda.

Joriy yilning 15 sentyabrida O‘zbekistonda yagona bo‘lgan UzCard to‘lov tizimi qariyb 3 kunga ishdan chiqqan edi. Buning natijasida deyarli barcha aholi plastik kartalaridagi o‘z pullarini ishlatish imkoniyatini vaqtincha yo‘qotgan. 19 sentyabrda esa prezident O‘zbekistonda yangi milliy to‘lov tizimi yaratalishi haqida qaror qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, yangi milliy to‘lov tizimini yaratish  Markaziy bankning zimmasiga qo‘yilgach, oktyabr oyining oxirida Markaziy bank to‘lov tizimiga nom tanlash tanlovi o‘tkazdi. Ovoz berish natijasiga ko‘ra, yangi to‘lov tizimi "Humo" nomini oldi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!