iPhone 12’lar qadog‘idan aksessuarlarni olib qolish bilan Apple qancha pul tejadi?

  •   DiMaX
  •  1469
  •  09.01.2021 09:49

iPhone 12’lar qadog‘idan aksessuarlarni olib qolish bilan Apple qancha pul tejadi?

iPhone 12 turkumidagi smartfonlar taqdim etilishi bilan ikkita kompaniya Apple ustidan kulgan edi. Xiaomi yangi ayfonlar jamlanmasida quvvatlagich yo‘qligini, Samsung esa raqibi endigina 5G-smartfon chiqarganini masxara qilgan. Lekin yaqindagina Xiaomi Mi 11 flagmani ham zaryadchiksiz namoyish qilindi, tag‘in...

O‘QING: Apple’ni masxara qilgach, Samsung o‘zi ham smartfonlar qadog‘idan muhim aksessuarlarni olib qolyapti!

Xo‘sh, tabiatni asrash bahonasida smartfon qutisidan ikkita muhim aksessuarini olib qolish orqali Apple qancha pulni tejagan? Counterpoint Research tadqiqot kompaniyasi yaqinda turli yangi gadjetlarning qadoq tarkibidagi qismlarning tannarxini e’lon qila boshladi. Shunda aniqlanishicha, aksessuarlarini olib tashlash va qadog‘ini ixchamlashtirish evaziga iPhone 12 modellarining tannarxi taxminan 4,2 dollarga pasaygan.

Bir necha yuz dollarlik smartfon jamlanmasiga nisbatan olganda, bu qiymat arzimasdek ko‘rinadi. Lekin ayfonlar sotuvi ko‘lamiga nazar solsak, shu ozgina xarajatni qisqartirish bilan Apple qancha foyda qilgani ayon bo‘ladi.

Tahlilchilarning hisob-kitoblariga qaraganda, 2020 yilning oxirigacha iPhone 12 turkumidagi smartfonlarni yetkazib berishning umumiy hajmi taxminan 63 million donani tashkil etgan. Demak, yakuniy hisobda kupertinoliklar 264 million dollarcha tejab qolishgan!

Apple kompaniyasi o‘tkazayotgan so‘rovlarga hamda atrof-muhit himoyasi borasidagi umumiy tendensiyaga qarab, tahlilchilar yana bir narsani ta’kidlashmoqda. Ya’ni, bu korporatsiya keyingi ayfonlar jamlanmasidan kabelni ham olib tashlashi kutilayotir.

O‘QING: Amerikaliklarning o‘zlari qaysi iPhone’larni ko‘proq olishyapti?