«Kelinni kelganda ko‘r...»: iPhone 11’lar bo‘yicha ommaviy shikoyatlar boshlandi

  •   DiMaX
  •  3160
  •  08.10.2019 10:21

«Kelinni kelganda ko‘r...»: iPhone 11’lar bo‘yicha ommaviy shikoyatlar boshlandi

Kupertinolik korporatsiya o‘tgan oyda iPhone 11, iPhone 11 Pro hamda iPhone 11 Pro Max smartfonlari taqdim etgandi. Ulardan biri Geekbench’da rekord o‘rnatgani, AnTuTu testida asosiy xususiyatlari fosh bo‘lgani, shuningdek, yangi iPhone 11’lar qayerda eng arzonu qayerda eng qimmat ekanligi haqida ham xabarlar berganmiz.

O‘QING: Barcha modellardagi iPhone 11’larning mustahkamligini o‘zaro hamda Galaxy Note 10+ bilan solishtiramiz! (uchta drop-test videosi)

Buni qarangki, rosa maqtalgan smartfonlar xaridorlarning qo‘llariga yetib borgach, foydalanish jarayonida ularning aybi chiqa boshladi. Aniqrog‘i – bu yilgilarining eng arzoni bo‘lgan iPhone 11 ekrani tez qirilar ekan.

Apple texnik ko‘mak saytida foydalanuvchilardan biri ekranga chiziq tushgani haqida yozganidan so‘ng, bu mavzu qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unga yozilgan javoblarga, keltirilgan suratlarga qaraganda, yangi ayfonlarning displeylari Apple maqtaganidek mustahkam emas ekan.

Saytning apparat ta’minoti bo‘limida xaridorlardan biri quyidagi xabarni qoldirgan:

«Biz xotinim ikkalamiz yangi iPhone 11‘larni shim cho‘ntagida olib yurdik va ertasigayoq har ikkalasining ekrani chizilib qolibdi. Yana kimdir shunday holatga duch kelganmi? Bizning hafsalamiz pir bo‘ldi, Apple faqat sizu bizning Apple Care xarid qilishimiz uchun qayg‘uradi. Oldingi modellar bilan solishtirganda eng yomon ekran».

So‘ng yuzga yaqin foydalanuvchilar ushbu postga javob yozib, o‘zlarida ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lganini aytishgan, ayrimlari tirnalgan displeyli ayfonlarining rasmlarini ham yuborishgan.

O‘QING: AQShning nufuzli nashri «smartfonlar qiroli»ni e’lon qildi!

Mayli, yuqoridagisi – bu yilgi eng arzon ayfondagi holat ekan, ammo ularning o‘rtachasi – iPhone 11 Pro modelida ham shunday holat uchragan. Mana, foydalanuvchilardan birining shikoyati:

«Boshqa yana kimdadir shunga o‘xshash muammo uchradimi? 11 Pro juda tez tirnalar ekan. Bir hafta ham bo‘lgani yo‘q, ehtiyotlab foydalandim, cho‘ntagimda, yoniga boshqa biror narsa solmasdan olib yurdim. Men uch yil ishlatgan iPhone SE tirnalmagan, yap-yangi 11 Pro esa allaqachon chizilgan va barmog‘imga ham sezilyapti. Qattiq ko‘nglim qoldi».

Aytish kerakki, yangi ayfonlar hali endi sotila boshlagan, ishlab chiqarishdagi ommaviy brak haqida gapirishga sal erta. Shunga qaramasdan, displeyning mo‘rtligi sezilib qolyapti, hali bunday holatga duch kelsa-da, shikoyat qilmay qo‘yaqolganlar qancha...

Darvoqe, bu smartfonlar borasida Apple rasmiy press-relizidan ko‘chirma:

«Eng qudratli iPhone’lar mustahkamlik bo‘yicha ham boshqa modellardan qolishmaydi: iPhone 11 Pro hamda iPhone 11 Pro Max eng mustahkam shisha bilan qoplangan».

Afsuski, kompaniyaning rasmiy iddaolari bir taraf, foydalanuvchilarning real foydalanishda kuzatayotganlari bir taraf... «Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r», deganlari bejiz emas ekan.

Eslatib o‘tamiz, yangi ayfonlarni ham, mustahkamligi bo‘yicha bunaqa shikoyat uchramagan oldingi modellardagi Apple smartfonlarni ham Terashop.uz internet-do‘konimizdan sotib olish mumkin.

O‘QING: Barcha iPhone 11’larni eng zo‘r Android-flagmanlar bilan bitta jadvalda taqqoslaymiz!

Saytimiz xabarlarini Odnoklassnikidagi sahifamizda kuzatib boring!