OPPO Find X3 allaqachon Antutu testidan o‘tdi: uning Find X3 Pro’dan asosiy farqi nimada?

  •   DiMaX
  •  833
  •  17.02.2021 13:37

OPPO Find X3 allaqachon Antutu testidan o‘tdi: uning Find X3 Pro’dan asosiy farqi nimada?

Biz avvalroq 2021 yilning eng zo‘r kamerofoni bo‘lishi kutilayotgan Find X3 Pro flagmanining xususiyatlari va ilk «jonli» rasmlarini e’lon qilgan edik. Ta’kidlash kerakki, Find X3 Pro modeli 2021 yilning eng kutilayotgan 10 smartfoni ro‘yxatiga ham kirgan.

O‘QING: Egasini rozi qilgan o‘nta Android-smartfon (AnTuTu reytingi, 2021 yil yanvar)

Endi esa Antutu servisida uning standart versiyasi – OPPO Find X3 modeli tekshirib ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi. Benchmark model raqami PEDM00 bo‘lgan ushbu smartfonning texnik xususiyatlarini birinchi bor oshkor etdi.

Ularga ko‘ra, OPPO Find X3 qurilmasining «elektron yuragi» sifatida Qualcomm Snapdragon 870 protsessori tanlangan. Xabaringiz bo‘lsa kerak, bu – bulturgi Snapdragon 865 Plus chipsetining kuchaytirilgan versiyasi bo‘lib, 7 nanometrlik texnologik jarayonga asoslangan va maksimal takt chastotasi 3.2 GGs.ga teng. Eslatib o‘tamiz, Find X3 Pro modeli eng kuchli – Snapdragon 888 chipsetiga tayangan.

Standart talqindagi Find X3 modeliga qaytadigan bo‘lsak, OPPO uni FHD+ formatli displey, 8/256 gigabaytlik tezkor/ichki xotira bilan ta’minlagan. Bu smartfon haqida hozircha boshqa tafsilotlar yo‘q, lekin uning dizayni ham Pro-versiyasiga o‘xshash bo‘lishini kutish mumkin.

Insayderlarga ko‘ra, ushbu turkumda naq to‘rtta model mavjud: OPPO Find X3, Find X3 Pro, Find X3 Neo hamda Find X3 Lite. Kompaniya ularni mart oyida taqdim etishni rejalashtirmoqda.

O‘QING: Eng tezkor Android-smartfonlar va eng silliq ishlovchi grafik qobiq (Master Lu reytinglari, 2020 yil)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!