O‘rta narxli Honor 30S namoyish etildi: Kirin 820 chipli ilk 5G-smartfon

  •   DiMaX
  •  1894
  •  31.03.2020 12:00

O‘rta narxli Honor 30S namoyish etildi: Kirin 820 chipli ilk 5G-smartfon

Huawei korporatsiyasining subbrendi o‘zining Honor 30S rusumli 5G-smartfonini namoyish etdi. Bu flagman emas, balki o‘rta narx toifasidagi qurilmadir.

O‘QING: Huawei kamerasini sensorli displey o‘rab turuvchi smartfon patentladi!

Ushbu devays xitoylik texnogigantning yangi – Kirin 820 protsessorini qo‘llovchi ilk smartfondir, shu boisdan taqdimotda uning «elektron yuragi»ga batafsil to‘xtalib o‘tishdi. Mazkur chipset 2,36 GGs takt chastotali bitta Cortex-A76 yadrosi, 2,22 GGs.lik uchta Cortex-A76 hamda 1,84 GGs.lik to‘rtta Cortex-A55 yadrolarini, shuningdek, Mali-G57 grafik protsessorini o‘zida jamlagan.

Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, Kirin 810 protsessoriga qaraganda yangi chipsetda GPU samaradorligi 38 foizga, CPU tezkorligi – 27 foizga, sun’iy intellektga mas’ul neyron protsessori – NPU samaradorligi esa naq 73 foizga oshgan. Kirin 820 chipsetidagi 5G-modem esa flagman protsessor – Kirin 990 modelidagi kabidir.

O‘QING: iPhone 12’larning protsessori allaqachon Snapdragon 865’ni «yer tishlatdi»!

Honor 30S diagonaliga 6,5 dyuymlik IPS-displeyga ega bo‘lib, uning tasvir aniqligi 2400x1080 piksellik, tomonlari o‘zaro 20:9 nisbatida. Smartfon old yuzasining 90,3 foizini egallagan ekranning yuqori chap burchagida old kamera uchun tirqish ochilgan. Qurilmaning barmoq izi skaneri korpusning qirrasiga o‘rnatilgan.

To‘rtburchak blokdagi bosh kamera to‘rtta modulni va fotochaqnoqni o‘z ichiga oladi. Asosiy datchik 64 megapiksellik (f/1,8); keng burchakli (120 darajali) kamera 8 megapiksellik (f/2.4); 8 megapiksellik teleob’yektiv esa 3 karra optik zumga ega (f/2.4); makroob’yektiv (f/2.4) esa 2 megapiksellik.

Honor 30S old kamerasi esa 16 megapiksellik (f/2.0) yakka datchikdan iborat.

O‘QING: O‘z egalarini rozi qilgan TOP-10 smartfon (AnTuTu reytingi, 2020 yil fevral)

Smartfonning 4000 mA/soatlik akkumulyatori 40 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Unda Bluetooth 5.1 hamda NFC modullari, USB Type-C porti mavjud.

Honor 30S tezkor/ichki xotira hajmiga ko‘ra ikki xil modifikatsiyada bo‘lib, narxlari ham shunga yarasha: 8/128 gigabaytligi – $338, 8/256 gigabaytligi – $380. Xitoyda uni 7 apreldan ochiq savdoga chiqarishadi, oldindan buyurtma esa allaqachon ochilgan. Bu smartfon xalqaro bozorga chiqishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Darvoqe, ishlatilsa ham narxini ko‘p yo‘qotmaydigan smartfonlar top-o‘ntaligidagi naq yettita o‘rinni aynan Huawei va uning Honor brendiga mansub modellar band etganidan xabaringiz bormidi?

O‘QING: Huawei P40, P40 Pro va P40 Pro Plus'lar taqdim qilindi. Kamerafonlar bilan rasman tanishamiz

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!