Razer Phone 2: Ilk geymerofonning ikkinchi avlodi benchmarklarda fosh etildi

  •   DiMaX
  •  925
  •  10.09.2018 15:08

Razer Phone 2: Ilk geymerofonning ikkinchi avlodi benchmarklarda fosh etildi

Asosan o‘yin qurilmalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Razer kompaniyasi o‘tgan yili dunyodagi birinchi o‘yinbop smartfonni taqdim etgan edi. Kuni kecha u saxovat ko‘rsatib, bu geymerofonni naq bitta smartfon narxichalik pulga arzonlashtirgani haqida xabar bergandik.

O‘QING: Ilk o‘yinbop smartfon kutilmaganda naq 300 dollarga arzonlashdi!

Buning sababini ham ko‘rsatganmiz – ishlab chiqaruvchi allaqachon mazkur devaysning ikkinchi avlodini tayyorlagan. Razer Phone 2 deb nomlangan ushbu apparat keyingi kunlarda benchmarklarda o‘z kuchini sinab ko‘rgan. Natijada uning asosiy texnik xususiyatlari ommaga oshkor bo‘ldi.

Bu geymerofon haqidagi axborotlar dastlab Geekbench servisining ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi. Unda ko‘rsatilishicha, smartfoning «yuragi» ayrimlar taxmin qilganidek hali rasman taqdim etilmagan Snapdragon 855 chipi emas, balki ayni damdagi flagman Snapdragon 845 protsessori ekan. U maksimal 2,8 GGs takt chastotasida ishlay oluvchi sakkizta Kryo 385 yadrosini hamda Adreno 630 grafik kontrollerini o‘zida jamlagan. Qiziq tomoni shundaki, Razer Phone 2 misolida uning bazaviy takt chastotasi 1,8 GGs.ni tashkil etmoqda:

Mazkur gadjet 8 gigabaytlik tezkor xotiraga ega va Android operatsion tizimining 8.1.0 – Oreo talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

O‘QING: TOP-10: Dunyodagi eng tezkor Android-smartfonlar (AnTuTu talqini, 2018 yil, sentyabr)

Razer Phone 2 keyinroq yana bitta mashhur benchmark – AnTuTu servisida ham tekshirib ko‘rilgan. Bu test uning Snapdragon 845 va 8 GB.lik xotiraga hamda Android 8.1.0 Oreo operatsion tizimiga ega ekanligini tasdiqlagan.

AnTuTu’da yana uning boshqa jihatlari ham fosh bo‘lgan: o‘yinbop smartfonning doimiy xotirasi hajmi 512 gigabaytga teng ekan. Razer Phone 2 displeyi QHD formatida, ya’ni piksellar sig‘imi 2560x1440 birlikni tashkil etadi. Taxminlarga ko‘ra, uning ekranida yangilanish chastotasi 120 Gs.ga teng bo‘lgan sifatli IGZO panel qo‘llanadi.

Ayni damda o‘yinbop smartfonlar sifatida Razer Phone’dan tashqari Xiaomi Black Shark, Nubia Red Magic va ASUS ROG Phone kabilar bozorga taqdim etilgan. Shuningdek, Samsung ham geymerlar uchun smartfon chiqarmoqchi va bu Galaxy X modeli bo‘lishi ham mumkin.

Darvoqe, aynan geymerlarga mo‘ljallanmagan model bo‘lmasa-da, xuddi Razer Phone 2 singari kuchli Snapdragon 845 protsessori va issiqlik o‘tkazuvchi naychalar orqali sovitish tizimi bilan jihozlangan, Geekbench’da qimmat flagmanlar – OnePlus 6, Mi 8 va hatto Galaxy S9+’larni ortda qoldirgan eng arzon flagmanni Terashop.Uz internet-do‘konimizdan onlayn xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Xushxabar: Xiaomi Pocophone F1 yetib keldi, Terashop.uz’dan xarid qiling!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!