Redmi Note 9T bilan birga yana bir «avtonomlik monstri» – Redmi 9T ham chiqdi! (+«jonli» video)

  •   DiMaX
  •  8685
  •  09.01.2021 13:13

Redmi Note 9T bilan birga yana bir «avtonomlik monstri» – Redmi 9T ham chiqdi! (+«jonli» video)

Xiaomi 8 yanvar kuni Ispaniyada o‘zining Redmi Note 9T rusumli yangi smartfonini namoyish etishi ma’lum edi. Kutilmaganda korporatsiya u bilan birga yanada arzon Redmi 9T modelini ham jamoatchilikka ko‘rsatdi.

O‘QING: Redmi Note 9T namoyishidan avval Redmi 10T sotuvga chiqdi. Xiaomi hayratda!

Redmi Note 9T aslida butkul yangi qurilma emas, balki noyabrda Xitoyda taqdim qilingan hamyonbop Redmi Note 9 5G modelining global versiyasidir. Uning «elektron yuragi» – beshinchi avlod uyali aloqa tarmoqlarini qo‘llovchi MediaTek Dimensity 800U protsessoridir.

Gadjetning korpus o‘lchamlari 161,96x77,25x9,05 millimetrni tashkil etadi, vazni esa 199 grammga teng. Kompaniya uni stereodinamiklar, standart quloqchin tirqishi, zamonaviy USB-C porti bilan ta’minlagan.

Bu smartfonning ekrani diagonaliga 6,53 dyuymlik, tasvir aniqligi Full HD+ formatida. Redmi Note 9T tezkor xotirasi 4 gigabaytlik, doimiy xotirasi esa 64 va 128 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Akkumulyator tok sig‘imi 5000 mA/soatlik bo‘lib, 18 vattlik tezkor quvvatlana oladi.

Redmi Note 9T bosh kamerasi uchta datchikni o‘z ichiga oladi: 48 MP (diafragmasi F/1,79 bo‘lgan olti unsurli ob’yektiv), 2 MP (makrokamera) hamda 2 MP (sahna chuqurligi sensori).

Xiaomi bu mahsulotini binafsharang va qora tusli korpuslarda, 64 gigabaytligini 230 yevro va 128 gigabaytligini 270 yevro narxida taklif etadi. Birinchi partiya xaridorlariga esa chegirma berilmoqda – ular smartfonni tegishlicha 200 yevro yoki 250 yevroga olishlari mumkin.

O‘QING: Xiaomi’ning «yengillashtirilgan» flagmani – Mi 11 Lite xususiyatlari va narxi

Redmi 9T modeliga kelsak, u Snapdragon 662 bazasida ishlaydi, ya’ni 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu ham yap-yangi model emas, balki oldin chiqqan smartfonning global bozor uchun rebrending qilingan versiyasidir.

Redmi brendi noyabrning oxirrog‘ida Xitoyda Redmi Note 9 4G modelini taqdim qilgan bo‘lib, keyinroq shu modelni ayrim o‘zgarishlar bilan Redmi 9 Power rusumli smartfon sifatida Hindistonda namoyish etgan edi. Bulardan sal oldinroq u Poco (yoki POCOPHONE) brendi ostida Poco M3 nomli telefonini taqdim etgan va Ispaniyada namoyish etilgan Redmi 9T ham shularning global bozorga mo‘ljallangan klonidir.

Bu devays diagonaliga 6,53 dyuymlik, Full HD+ formatidagi displey bilan jihozlangan. Redmi 9T modelining asosiy afzalligi – naq 6000 mA/soatlik akkumulyatoridir – u 18 vattlik tezkor quvvatlanishdan tashqari, boshqa gadjetlarga quvvat uzatishga ham qodir.

Redmi 9T bosh kamerasi ham Redmi Note 9T modelidagi kabi, selfi uchun esa 8 megapiksellik sensor ko‘zda tutilgan. Quyidagi «jonli» videoda shu ikki smartfon o‘zaro taqqoslab ko‘rsatilgan:

Ushbu arzon smartfon korpusi 162,3x77,3x9,6 millimetrlik bo‘lib, 198 gramm tosh bosadi. Unda ikkita SIM-karta uyachasidan tashqari, microSD-karta uchun alohida slot mavjud. Shuningdek, qurilmaning infraqizil porti uni turli maishiy texnika jihozlari uchun pult sifatida qo‘llash imkonini beradi.

Redmi 9T ko‘k, zarg‘aldoq, kul rang va yashil tusli korpuslarda sotuvga chiqadi. Uning tezkor/ichki xotirasi 4/64 gigabaytlik varianti uchun 160 yevro, 4/128 gigabaytligi uchun esa 180 yevro miqdorida narx belgilangan.

O‘QING: Redmi Note 10 Pro 4G ham tayyor: uning nimasi Galaxy Note 20 Ultra’dan olingan?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!