Samsung One UI 6 yangilanishini yanada tezroq yetkazib beradi

Samsung One UI 6 yangilanishini yanada tezroq yetkazib beradi

O'tgan yilgi One UI 4 bilan solishtirganda, One UI 5 yangilanishi juda qisqa vaqt ichida yoxud Google o'zining Android 13 yangilanishi barqaror versiyasini avgust oyida chiqargan bo'lsa, Samsung unga asoslangan One UI versiyasini atigi ikki oyda ishlab chiqdi. Uni tarqatish ham o'tgan yilga qaraganda sezilarli darajada tez amalga oshirilmoqda. Masalan, Galaxy S22 seriyasi oktabr oyidayoq dunyo bo'ylab One UI 5'ga yangilanib bo'lgan bo'lsa, noyabrda yana ko'plab Galaxy flagmanlari va o'rta sinf smartfonlari, hatto, o'tgan yilgi Galaxy A52 ham yangilanishni qabul qilib ulgurdi.

Endilikda kompaniya o'z vatanida Android 13'ga asoslangan yangilanishni Galaxy Z Fold 4 va Flip 4 uchun tarqatishni boshlanganini e'lon qildi va shu bilan birga, avvalgi Galaxy Z Fold va Flip 3/2 buklamafonlari ham yil oxirigacha yangilanishini ma'lum qildi.

Buklamafonlardan tashqari kompaniya o'zining Galaxy S seriyasidagi smartfonlari uchun ham One UI 5 yangilanishini tarqatish qamrovini kengaytirilganligini ham aytib o'tdi. Galaxy S22 seriyasi o'tgan oyda, Galaxy S21 seriyasi esa noyabr boshida yangilanib ulgurgan bo'lsa, navbat Galaxy S20 va Note 20 seriyasiga kelgan va ular joriy oy oxirigacha yangilanadi.

Samsung Galaxy Tab planshetlari ham qatordan qolgan emas: Galaxy Tab S8, keyin esa o'tgan yili chiqarilgan Tab S7 FE, so'ngra 2020-yilda chiqarilgan Tab S7 va Tab S6 Lite planshetlari keyingi yilgacha One UI 5 bilan yangilanadi.

Shuningdek, kompaniya Galaxy A seriyasi uchun ham yangilanish yuborilishi haqida umumiy ma'lumot berib o'tdi. Ma'lum bo'lishicha, bu yilgi Galaxy A53 va A33 o'tgan yilgi Galaxy A52s, A52 va A32 bilan birga yil oxirigicha yangilanishni qabul qiladi.

Aytish kerakki, ushbu yangilanish jadvali Janubiy Koreya uchun bo'lib, yuqorida keltirilgan qurilmalarning deyarli barchasi allaqachon Yevropa mamlakatlarida One UI 5 yangilanishini qabul qilib bo'lgan. Qolgan hududlar, xususan, O'zbekistondagi ushbu Galaxy smartfon egalari ham katta ehtimol bilan yil oxirigacha yangilanishni olishlari mumkin bo'ladi.

So'z oxirida Samsung kompaniyasi Google bilan hamkorlikni yanada mustahkamlagan holda o'zining Galaxy'lari uchun Android 14 yoxud One UI 6 yangilanishini bu yilgidan ham tezroq yetkazib berishni va'da qildi.

O'QING: Qaysi smartfon brendlarining qaysi smartfonlari Snapdragon 8 Gen 2 bilan chiqariladi?